← Barcha she’rlar

Fasod qilsin gʻanimlar, mayli

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Fasod qilsin gʻanimlar, mayli,
Ortimizda tarqatsin boʻhton.
Kimning boʻlsa, botilga mayli,
Yolgʻonlarga uchgay begumon.

Ergashinglar, tuhmat ortidan,
Ey koʻzi koʻr, ey ahli juhhol!
Gʻiybatlarga choping yoprilib,
Sizlar uchun bu oddiy ahvol.

Ishingiz na xayr-u saxovat,
Soʻzingizda na ilm-u irfon.
Boshqalar taqab shaqovat,
Haddidan koʻp gʻofilsiz chunon.

Faqat dunyo deya yugurib,
Yana gʻiybat — sal qolsangiz boʻsh.
Har insonni qopib, quturib,
Shundan boʻlak hunaringiz yoʻq.

Sen ularga boqmagil, sevgim,
Yuragingga olma ularni.
Shunday har xil ogʻriqni yengib,
Sevib yasha tun-u kunlarni.

Odamlarni zoniy, fohish deb,
Ayblashga oʻch boʻlsa birov!
Hatto bunday soʻz aytmasa-da,
Yursa doim shunday badxayol,

Bunday holdan saqlasin Xudo!
Bir haqiqat bordir, quloq os
Shunday fe’lga kimki mubtalo –
Oʻzi boʻlgay buzuq va iflos.

Men pokdirman, men bundan yiroq
Deb qichqirma, ey joʻjaxoʻroz!
Oʻzing bilmay qolasan, Valloh,
Shunday chohga tushganda noxos!

Istigʻfor ayt, tavbalar ayla,
Koʻzyoshingga har kuni choʻmil.
Toki bir kun boshqacha sayrab,
Balolarga qolma koʻmilib!..

Bizni kechir, Xudoyi karim,
Lutf etmasang, holimiz xarob!..
Biz bechora, biz koʻngli yarim,
Taqvo bilan butun qil, yo Rab!

Akrom MALIK