← Barcha she’rlar
Goho meni qattiq sogʻinib
Goho meni qattiq sogʻinib,
Goho sira kechirolmaysan.
Xotirjam boʻl: meni bir umr
Xotirangdan oʻchirolmaysan.
Topolmaysan men kabi yaxshi
Va yoʻq erur yomon men kabi.
Sirlar ichra titraysan qaqshab,
His etasan oʻzingni sabiy.
Qayga borsang, charchaysan, erkam,
Men haqimda xayollar surib.
Goho desang bunchalar koʻrkam,
Goho deysan: “Buncha sovuq turq!”
Siymoyimni haydab quvasan,
Tirishasan boʻlmoqqa xoli.
Suvratimni qancha suvasang,
Siyratimga shuncha sen tolib.
Fursat keldi: seni qiynagan
Bir savolga bergayman javob.
Chalgʻi, mayli, kulgin, oʻynagin,
Ammo holing, bilaman, xarob.
Bilib qoʻyki: sen olis bir tush,
Goʻyo sarob, bamisli roʻyo.
Axir, menman mudom ozod qush,
Unutganman seni mutlaqo.
Akrom MALIK