Boshimga ne musibat tushsa
Boshimga ne musibat tushsa,
O'ldir meni demadim, Xudo.
Sen haqingda yaxshi gumondan
O'zgasi hech kelmadi, Xudo.
Senga doim ishondim faqat,
Berganingga quvondim faqat,
Gunoh qilsam shu, yondim faqat,
Jahannamda yondirma, Xudo.
Zikring bo'ldi dilning jannati,
Balki oshiq qulning jannati,
Senga tomon yo'lning jannati,
Jannatingdan chiqarma, Xudo.
O'z nafsimga yetmaydi kuchim,
Shaytondan ham ko'p erur o'chim,
Oxiratga yaroqsiz ko'chim,
Shafqatingga zordirman, Xudo.
Goho sevdim inson zotini,
Tuydim ishqning achchiq totini,
Lekin yana Senga botinib,
Muhabbating so'rayman, Xudo.
Sevganlarim soldilar alam,
Chekdim uzoq musibat-u g'am,
Ko'ksim ichra miltillagan sham —
O'zing yoqding, o'chirma, Xudo.
Kimki kirgan bo'lsa qalbimga,
O'ynab yurgan bo'lsa qalbimda,
Xanjar urgan bo'lsa qalbimga,
Unutdim-u, qutuldim, Xudo.
Bergan bo'lsang qanday xush ne'mat,
Kimga o'ng-u, kimga tush ne'mat,
Barchasi xush, barchasi qimmat,
Shukur qildim bariga, Xudo.
Uzoq yashab, ibodat qilsam,
Senga butkul itoat qilsam!
Muhabbatdan imorat qilsam,
Sendan shuni so'rayman, Xudo.
Zarracha ham gunoh istamam,
Sendan bo'lak dodxoh istamam!
Sendan bo'lak panoh istamam,
Istagimga yetkazgil, Xudo!
G'aflatlardan aylagil xalos,
Borlig'imga ato et ixlos!
Qulim desang ayricha va xos,
Bundan bo'lak ne kerak, Xudo!
Akrom MALIK