G'arib kunlaringda sobit turgan, sabot ko'rsatgan
G'arib kunlaringda sobit turgan, sabot ko'rsatgan,
Qaro tunlaringda chiroq yoqqan, najot ko'rsatgan
Do'st kabi hech kimsa yaqin emas, qadrdon emas,
Joningga muqarrab, muattar-u jonajon emas!
G'arib kunlaringda sendan kechgan, yuzin burganlar,
Qon bag'ringga boqib ko'rlar kabi ko'zin burganlar,
Seni shayton deya, o'zin bilib valiy, avliyo
Ketganlardan bo'lak xoin yo'qdir, yo'qdir behayo!
Shul bois ogoh bo'l, sadoqatga dargoh bo'lgaysan,
Vafoga sodiq bo'l, ahdingga xayrixoh bo'lgaysan!
Bir kuni Xudodan butun olam teskari ketsa,
Xudoning yo'lida mahkam tur ming aziyat yetsa!..
Toki insonlikning chirog'ini o'chirma, asra,
Iymoningni mudhish chohga nogoh tushirma, asra!
Malaklar oshiq deb ahvolingdan olgaylar xabar,
O'zing ham bo'lgaysan nazar topib, ozod-u sarvar!
Akrom MALIK