← Barcha she’rlar

Pajmurda bandangman, mehribon Tangrim

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Pajmurda bandangman, mehribon Tangrim,
Sendan bo'lak hech zot panohim emas.
Zikringsiz qolgayman adashib, gangib,
Yodingsiz qalbimga halovat kelmas.

Sevgingni ato et, ayla oshig'ing,
Qaysi ishni sevsang, etgaysan mahbub.
Ruhimning ismidir faryod-u yig'i,
Kimni sevsang, uni qil menga matlub!

Toki ishqing ila to'lib-toshmagan
Umrimda qolmasin bir qarich yer ham.
Dunyo zindonidan Senga qochmagan
Qulning borlig'idir abadiy alam!

Bir kun hayotimning poyoni bordir,
Ko'z yumib ochguncha ko'z ham yumilgay.
Bugun azob ichra bu tani zordir,
Ertaga qop-qora yerga ko'milgay.

Xudoyim, Sen tomon yo'lga chiqqanda
Tegramni to'ldirgil do'stlaring bilan.
Ruhim bu dunyodan ko'chin yiqqanda
Qanday boray kam-u ko'stlarim bilan?!

Shoyadki, pokiza zotlar hurmati
Afv pardasini yopgaysan, Tangrim!
Ketib qo'rquvlarning achchiq dahshati,
Rahmatingdan masnad topgayman, Tangrim!

Akrom MALIK

Кирилл ҳарфларида ўқинг!