Zikr qilsang Haqni, qilsang tilovat
Zikr qilsang Haqni, qilsang tilovat,
Ajib onlar seni qurshagay, quchgay.
Qalbingga yog‘ilgay uns-u halovat,
Ruhing samolarda baxtiyor uchgay.
Yaqinlay olmagay na jin-u, shayton,
Yomonlik qilmoqqa yetmas jur’ati.
Toki hamrohingdir namoz-u Qur’on,
Iblisning kelmoqqa bo‘lmas toqati.
Ammo odamlarning bir toifasi
Iblisning shogirdi – Iblisdan o‘tgan.
Manzil-maskanidir gunoh qafasi,
Qo‘llarida hiyla to‘rlarin tutgan.
Qoshingga do‘st kabi kelgay muloyim,
Ilondek tovlanib, eshilgay, kulgay.
Qalbingda ixlosing yashnagan doim,
Uning niholini bittalab yulgay.
Senga hamdard kabi ko‘rsatib o‘zni,
Ichingga shubhadan zaharlar to‘kar.
Saralab yaltiroq turfa xil so‘zni,
Dilingni chok etib, teskari tikar.
Eng avval uqtirar baxtsizsan deya,
Baxting qaro degay, bechora degay.
Yoningda go‘yoki g‘amingni yeya,
Aslida, bildirmay boshingni yegay.
Har dam ogoh bo‘lgil har bir damingdan,
O‘tkazma onlarni Haqning zikrisiz.
Gar xalos istasang butkul g‘amingdan,
Yasha shaytonlarning maraz fikrisiz.
Akrom MALIK