Inson o‘zi katta jangmaydon
Inson o‘zi katta jangmaydon,
Jang boradi nafs-la beayov.
Bu urushda yurak to‘kar qon,
Ko‘tarilar galma-gal yalov.
Goho nafsning zafar sadosi,
Ko‘ngil sassiz, mag‘lub, shikasta.
Hayvoniylik har neni bosib,
Vujudingni zabt etar asta.
Inson qolib g‘aflat chohida,
Shayton sakrab raqs etar shodon.
Ko‘ngil ingrab qo‘yar gohida,
Azob unga naqsh etar isyon.
Til uzaygay chayon nishidek,
Haqorat-u g‘iybatlar sochar.
Nafsqullar komil kishidek
Fatvo izlab kitoblar ochar.
Qayerdadir zolim, qotillar
Diyorlarni qilgay vayrona.
Lekin bunda zaharli tillar
Ko‘ngillarni buzgay begona.
Kimdir buzgay uyni, shaharni,
Kimdir dilni etgay xaroba.
Har tong qarshi olib saharni,
Nafsingga, ey, tutmay aroba
Bir dam ayla fikr-u tafakkur:
Yurtni buzmoq jinoyat mudhish.
Kutib turgay sud, qora kursi,
Balki undan mumkindir qochish.
Lek ko‘rsatib hiqd-u adovat,
Ko‘ngillarni buzgan kimki bor –
Hech shubhasiz hukm-u adolat
Qilgay O‘zi Haq Parvardigor.
Xudo shoshmas bermoqqa jazo,
Hikmatidir vaqt-u vosita;
Agar banda bo‘lsa sazovor
Tavba qilib olgay, albatta.
Ammo qilmas nafsiga jihod,
Ammo qalbni kashf etmagay ul
Banda botib botqoqqa, hayhot,
O‘z bo‘yniga o‘zi osgay g‘ul.
Keyin unga sobitdir hukm,
Qochmoq uchun topolmas panoh.
Ko‘ngillarni buzgan bo‘lsa kim,
Endi o‘zi tortgay achchiq oh.
Endi yopiq rahmat eshigi,
Faqat azob, azob-u azob.
Tebranadi do‘zax beshigi,
Taning kuygay bamisli kabob.
Shul sababdan, ey kattatarosh,
Esing borki, etagingni yop –
Mazlumlarga bugun egib bosh,
Afv so‘ra – ketsin iztirob.
Ey odamzod, ko‘zlaringni och,
Bir-biringni kechir, ma’zur tut.
Bir-biringni qilmay yalang‘och,
Ayblaringga parda yop, unut.
Bir-biringga saqlamasang kin,
Bir-biringga bo‘lmasang aduv,
Shoyad, diling topsa-yu taskin,
Tashna ruhga yetsa farah – suv.
Bir-biringni kechirsang mutlaq,
O‘z nafsingni etmasang ustun,
Shoyad, tutib mag‘firatin Haq,
Isyonlaring afv bo‘lsa butun.
Akrom MALIK