Ey koʻzim gavhari, mehrim mehvari
Ey koʻzim gavhari, mehrim mehvari,
Ey soʻzi shirinim, koʻzi shirinim!
Eson-omon oʻtsin umr safari,
Yoʻllarda yiqilma aslo turtinib!
Hamisha porlasin baxting quyoshi,
Hech qachon botmasin qalbing gʻamlarga.
Yasha shavq-u zavqdan har lahza toshib,
Asir tushma aslo dardli damlarga!
Faqat unutmagin, qarogʻim, jonim,
Haqiqatni suymas zolim shohmasman!
Koʻklarga yetsa-da oʻtli figʻonim,
Insonga qazilgan qaro chohmasman.
Quldirman, yolgʻondan bezgan, shunchaki,
Chin soʻzga yukingan haqparastdirman.
Izhorlar tutmagil menga qalbaki,
Yolgʻonga chidolmas xorman, xasdirman.
Mayli, nimanidir berkitasan jim,
Qandaydir sirlarni qilmassan ifsho.
Har kim oʻz tiliga oʻzidir hokim,
Sening sirlaringga daxlim yoʻq aslo!
Faqat rost gapirgin, aldama zinhor,
Shirin yolgʻonlardan zahar ichirma.
Mayli, koʻchki kelib, bosib qolsin qor,
Ammo haqiqatning izin oʻchirma!
Aldasang, olamga oʻt ketgay, ishon,
Jahannamdan choshni – yolgʻon otashi.
Kizbga tushmasin ishing hech qachon,
Aldov soʻz aytmagil hatto adashib!
Bir kun hikmat nuri qalbingga toʻlib,
Haqning tajalliysin topsang mabodo,
Barchasi rost soʻzning hosili boʻlib,
Chin soʻzdan najotga erishgay dunyo.
Akrom MALIK