← Barcha she’rlar

Bu olamning ishini oʻnglamoq mumkin emas

She’r · 2 daqiqa o‘qish

Bu olamning ishini oʻnglamoq mumkin emas,
Hech odamning ishini oʻnglamoq mumkin emas.
Bir yogʻini butlasang, boshqa taraf darz ketar,
Sirlarning sinoatin anglamoq mumkin emas.

Ya’ni banda hech ishning sohib-u shohi emas,
Banda boshqa bandaning pushtipanohi emas.
Oʻz ishini ba’zida koʻra olmagay inson,
Shunday ekan, odamzod dilning guvohi emas.

Zolimlar zulm uzradir, mazlumlarda chora yoʻq,
Zulm qilichi chopsa, mahkumlarda chora yoʻq.
Oh-u nolang qalbingga yagona doʻst-u yordir,
Oʻzingga sirdosh boʻlur sen kabi ovora yoʻq.

Bir taraf tomoshabin, bir taraf befarq-u jim,
Bir taraf malomatgoʻy – aybing aytgay betinim.
Kimgadir ozordirsan, kimgadir xor-zordirsan,
Ta’na-dashnom qushlari tanangdan izlar qoʻnim.

Senga tigʻ sanchganga ham tigʻ sanchging kelmas hatto,
Sirdoshman deganga ham dil ochging kelmas hatto.
Dunyoning holin koʻrib, mehrning uvolin koʻrib,
Boringni ichga yutib, hech toshging kelmas hatto.

Tirigingga otilgan toshlarga qarab mahzun,
Oʻligingni yelkalab ketish istaysan bir kun.
To janozangga kelib tobuting ogʻiridan
Odamlarning yelkasi ogʻrib qolmasin uchun.

Yuzingga kulib turib, ortingdan gʻiybat sochar,
Boshingga sinov kelsa, ortga qaramay qochar.
Na doʻstlik, na yovlikning uddasidan chiqolmay
Soyangga qarab yurib, kafaningni ham bichar.

Koshki, sen boʻlmasang-u, kelsa bogʻ-u bahorlar,
Tunning zulmati ketib, kulsa tong-u nahorlar.
Tikan gulga evrilib, zahar asalga doʻnsa,
Nishlar noʻshga aylanib, nurga toʻlsa saharlar!

Pajmurda tanang, afsus, bu olamga sigʻmagay,
Ofatlar chodirini boshingdan hech yigʻmagay.
Toshlar yogʻar, doʻl yogʻar, koʻzingdan koʻzyosh yogʻar,
Lek yanglishib bir marta pokiza ishq yogʻmagay.

Dunyoning xarobligi koʻzimga ravshan boʻldi,
Gʻam-u qaygʻu gulidan hayotim gulshan boʻldi.
Inson tilin insonlar anglamasligin bilib,
Til lol-u, aql hayron, xotir parishon boʻldi.

Hech dilni vayron qilmay yashamoq maqsadimdir,
Anduh-u andishalar muztarib masnadimdir.
Gʻaflat-u jaholatning suvratin qarshisida
Oʻz holimga koʻz solib, har ishim hasratimdir.

Dunyoni obod qilmoq imkonsiz ish ekan – haq,
Muhabbatning gulzori – bir shirin tush ekan – haq.
Oxiratning hovlisin farovon etolsam, bas,
Ruh – tanaga qamalgan gʻamzada qush ekan, haq!

Senga yuzlandim, Xudo, sensiz yolgʻizman, baxtsiz,
Sen yordam bermasang gar, va’dasizman va ahdsiz.
Zikringni rizqim ayla, toatingga quvvat ber,
Senga maqtovlar boʻlsin, hamd-u sano adadsiz!

Akrom MALIK