← Barcha she’rlar

Xudo deb dunyoga qul boʻlgan kaslar

She’r · 2 daqiqa o‘qish

Xudo deb dunyoga qul boʻlgan kaslar,
Shayton otashida kul boʻlgan xaslar,
Goho xato qilsa adashib nafslar,
Malakdek tutasiz oʻzingizni pok,
Goʻyo pok koʻngil-u, pokiza idrok!

Dunyo muhabbatin qilolmasdan salb,
Kibr-u jaholatga topshirganlar qalb!
Iblisning amriga bel bogʻlagan alp,
Moʻr kabi xastaga ne zulm aylagaysiz,
Dili shikastaga ne zulm aylagaysiz!

Haqning hikmatidan gʻofildir, gʻofil,
Haqning rahmatidan gʻofildir, gʻofil,
Fitnasi salosil, soʻzi halohil,
To ulardan yiroq qilgil, Xudoyo,
Faqat Seni sevsin bu dil, Xudoyo!

Shayton dushman erur inson zotiga,
Inson esa minib nafsning otiga,
Boqmasdan aqlning, dilning dodiga,
Istidroj domiga tushib boradir,
Choʻqqiga oʻq misol uchib boradir.

Fasllar almashar, yillar almashar,
Soʻqmoqlar almashar, yoʻllar almashar.
Tutganing madadkor qoʻllar almashar,
Ammo odamiylik almashmasin hech,
Aql zulmat aro chalkashmasin hech!

Biz-da malak emas, soʻrasang agar,
Ichda shayton toʻla, koʻrolsang agar…
Koʻngilni qor bosgan kurolsang agar,
Lek Haqdan yuzimiz burmadik zinhor,
Iblisga qoʻshni uy qurmadik zinhor.

Otashga tushsak ham, yo Xudo dedik,
Nafsga ergashsak ham, yo Xudo dedik!..
Chunki har ne kelsa, bir ato dedik,
Biz yomonlik dedik, yaxshi chiqdi lek,
Yaxshi dedik, ammo undan keldi kek.

Bandaning aqlida bor emish nuqson,
Ul nuqson shifosi adabdir, ishon.
Adabdan mosuvo kaslar hech qachon
Aqlining nuridan topmagay foyda,
Qadam bosib hatto chiqsa ham oyga!

Xudoyim, bizlarga insof ber, insof,
Koʻksimizni kindan Oʻzing ayla sof.
Qilsang, faqat Haqqa qilgaysan vassof,
Ishqing qalbimizni toʻldirsin butkul,
Nafsimiz ul ishqda kuyib boʻlsin kul!

Akrom MALIK