Dilimni ogʻritdi dilimdagilar
Dilimni ogʻritdi dilimdagilar,
Tunu kun nomlari tilimdagilar,
Oftobim shamolim selimdagilar,
Men ularni kechiray, bir qudrat bergin,
Allohim, mehringdan bir xilvat bergin.
Zaharlar keltirdi, sharoblar tutdim,
Gʻiybatlar uydirdi, javoblar tutdim,
Qasamlar ichdilar, savoblar tutdim,
Men ularni kechiray, bir qudrat bergin,
Allohim, mehringdan bir xilvat bergin.
Dasturxon toʻrimda sharbat totdilar,
Oʻgrildim, ortimdan toshlar otdilar,
Ular meni buncha oson sotdilar,
Men ularni kechiray, bir qudrat bergin,
Allohim, mehringdan bir xilvat bergin.
Dushmanim ayyordir, paytlar poylaydi,
Doʻstim esa nodon, suvni loylaydi,
Ikkisi bir boʻlib koʻzim boylaydi,
Men ularni kechiray, bir qudrat bergin,
Allohim, mehringdan bir xilvat bergin.
Jonimga jazodir, jonimdagilar,
Koʻzimning qarogʻi, qonimdagilar,
Ey, voh, begonadir yonimdagilar,
Men ularni kechiray, bir qudrat bergin,
Allohim, mehringdan bir xilvat bergin.
Aslida doʻst ham bir dushmanning turi,
Dushmanning eng zoʻri, dushmanning sheri,
Chunki qoʻlidadir koʻnglingning siri,
Men ularni kechiray, bir qudrat bergin,
Allohim, mehringdan bir xilvat bergin.
Boshimga balodir, balodir koʻnglim,
Bir soʻzning tigʻidan yarodir koʻnglim,
Doʻstu dushman aro adodir koʻnglim,
Men ularni kechiray, bir qudrat bergin,
Allohim, mehringdan bir xilvat bergin.
Oʻzingdan yoʻq oʻzga mahrami jonim,
Oʻzingsan Sultonim, oʻzing Hoqonim,
Oʻtda kuydirmagin ikki jahonim,
Men ularni kechiray, bir qudrat bergin,
Allohim, mehringdan bir xilvat bergin.
Farida AFROʻZ