← Barcha she’rlar

Ixtiyorsiz bo'ldim sevgi bobida

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Ixtiyorsiz bo'ldim sevgi bobida –
Qalbim muhabbatin berk tutolmasdim.
Hamisha mast edim ishq sharobidan,
Junun zanjiridan qutulolmasdim.

Hech kas anglamadi so'zimni, hech kas,
Na hikmat ahli-yu, na irfon ahli.
Bu bobda zuhhodning ishi ko'rlik, bas,
Na zuhhod, na sajjod, bal inson ahli.

Aqlimni uchirdi, hushimni oldi –
Ishqning bedodligi, ma'shuqning zulmi.
Ahli donish esa oyog'im chaldi,
Ahli tuhmat sochdi bo'htonlar tuxmin.

Juhholning moyildir qalbi fasodga,
Sotqinlar ishq nedir – bilmagay aslo.
"Ishq!" – degan oriflar uchrab kasodga,
Kazzob ekanligi foshdir doimo.

Qalb qoldi oyoqlar ostida xor-zor,
Ruh chekdi olovda yongan qushdek oh.
Vayronaga qaytib aql-u hush hamkor,
Shod bo'ldi rahmoniy tushdek xayrixoh.

Sevmoqda ixtiyor yo'q bo'lganidek,
Kuydim alangada telbavor, majnun.
Kaftimda tutganim cho'g' bo'lganidek,
Ko'zimdan oqizdim ne durri maknun.

Qadarning qo'lida asirman, hurman,
O'z holidan xursand – qulman, baxtiyor.
Nechuksan deb aslo holimni so'rmang,
Osiyni anglamas ahli taqvodor.

Zuhdning osmonida qoqingiz qanot,
Hikmat daryosidan qonib iching suv.
Biz esa o'zsizlik bag'rida, hayhot,
Bor bo'lmoq ko'ngilga soladi qo'rquv.

Akrom MALIK