← Barcha she’rlar

Dunyoni qaytadan qurgan buyuk xalq

She’r · 4 daqiqa o‘qish

Dunyoni qaytadan qurgan buyuk xalq!
Haqni suyib Haqqa mudom suyuk xalq!
Goh zulm-u zulmatdan bag'ri kuyuk xalq!
Erk-u baxting bugun qo'lingda, bilgil,
Iqbol-u istiqbol yo'lingda, bilgil!

Sen konsan, ichingda tugamas javhar,
Sen tongsan, quyoshni tuqqan pok sahar,
Sen bongsan, eslatgan haqni har safar,
Qudrat-u himmatning bayrog'i senda,
Mardlig-u sadoqat mayog'i senda.

Jahonni yoritgan aql-u donishing,
Faqat ezgulikdir mangu xohishing,
Qadaringdan yo'qdir aslo nolishing,
Butun iymon senda, e'tiqod senda,
Haq so'zga ehtirom, e'timod senda.

Ildizlaring pokdir, asling pok erur,
Valiylar yetishgan nasling pok erur,
Vujuding pokiza, tarzing pok erur,
Harom-u habisni rad etding zinhor,
Shayton-u iblisni rad etding zinhor.

Gohida xoinlar – qoni buzuqlar,
Ro'zigor-u, xon-u, moni buzuqlar,
Har o'tgan lahzasi, oni buzuqlar
Ortingdan xanjar ham urgani bo'ldi,
Tuz yeb, tuzliqqa tupurgani ham bo'ldi.

Ammo o'lsang ham Sen, tik turib o'lding,
Dushmanga o'q otib, tig' urib o'lding,
Jasorat ne erur – uqtirib o'lding,
Zotan, bu o'limmas, tirilmoq edi,
Mangu izzatlarga o'ralmoq edi.

Xorazmiy o'zingsan, Farobiy o'zing,
Jaloliddin o'zing, Tarobiy o'zing,
Osmoniy o'zingsan, turobiy o'zing,
Ibni Sino o'zing, sensan Farg'oniy,
Buxoriy o'zingsan, sen – Marg'iloniy!

Shoshiy o'zingdirsan, Nasafiy sensan,
Termiziy – valiylar nafasi sensan!
Nuhning sevganisan – Yofasi sensan,
O'zing Samarqandiy, sen – Moturidiy,
Jahriy darveshlarning ishqi, surudi!

Jahonning xojasi sendadir, senda,
Yetti pir – har biri bir ko'kka teng-da!
Go'yo yetti falak yotib bag'ringda,
Bahouddin o'zing, Naqshband o'zing,
Alouddin o'zing – jannat har izing.

Temurni tebratga beshik seniki,
Alini Sher qilgan eshik seniki,
Cho'qqi ham, daryo ham, kechik seniki,
Bobur o'zingdirsan – Hindga nur bergan,
Ali Qushchi o'zing – ko'kdan dur tergan.

Shohrux Mirzo o'zing, Ulug'bek o'zing,
O'zing shoh, o'zing xon, buyuk bek o'zing,
Tarixga hamishga imzo chek, o'zing,
Shayboniy ham sensan, Ubaydulloh xon,
Abdulloh xondirsan, Imomqulixon!

Chindan Kaspiy qadar davr surgan ul,
Qipchoqdan Hind qadar hukmi yurgan ul,
Muazzam Buxoro – davlat qurgan ul,
Hazrat Subhonquli – buyuk shohdirsan,
Yetti ko'k-u yerdan sen ogohdirsan.

Mashrab o'zingdirsan, Huvaydo o'zing,
So'fi Ollohyorsan – karomat – so'zing.
Bosib chahoryorlar muborak izin –
Shohmurod sendirsan – avliyo podshoh,
Taxti arshda bo'lgan ahli zikrulloh.

Dushman boshin kesgan Nasrulloh sensan,
Bu chog'li jur'atda Temurga tengsan!
Gohida g'animni muzaffar yengsang,
Goho mag'lub bo'lgan g'olibsan o'zing,
Sharafli o'limga tolibsan o'zing!

Bosmachi nom olgan shiddatkor ruhsan,
Mardlarga hamisha madadkor ruhsan.
Hech qachon so'nmagan toza shukuhsan,
Amir Olimxonim, Isfandiyorim,
Xoinlar qo'lida qolgan diyorim!..

Qizil iblis seni yengolmadi – rost,
Iymoningni aslo egolmadi – rost,
Boshingni tik tutding ajdodingga xos,
Istiqlol qo'lingga qaytdi, nihoyat,
Haqiqat o'z so'zin aytdi, nihoyat.

Davlatga hamisha sodiq bo'lgan xalq!
Da'vatga hamisha sodiq bo'lgan xalq!
Qalbi sadoqatga lim-lim to'lgan xalq!
Sobit tur, o'zingni unutma aslo,
Yovdan rahm-u shafqat hech kutma, aslo!

Davlating – poyidor, poyi mustahkam,
O'qlari nishonda, yoyi mustahkam!
Har bir masnad mahkam, joyi mustahkam,
Xoinlar so'ziga aldanma zinhor,
Davlat soyasida bo'lgil barqaror!

Sodiq o'g'lon elga, yurtga bosh bo'lsa,
Tun – oydin, kunduzing serquyosh bo'lsa,
Dilda – Haq, tilda – Haq, ko'zda yosh bo'lsa,
Bu ulug' toleni his etmog'ing shart,
Toki qayta ko'rma qullik degan dard!

Qalbingga Xudoyim berib tursin nur,
Seni tark etmasin nurafshon shuur!
Toki Haq etarkan quyoshday zuhur,
Talotum zamonda qolgaysan omon,
Hatto sharafingda yorishgay jahon!

Dunyoni qaytadan qurgan buyuk xalq!
Haqni suyib, Haqqa mudom suyuk xalq!
Zulm-u zulmatlardan bag'ri kuyuk xalq!
Boshing baland bo'lsin, qadding tik bo'lsin!
Idroking uyg'oq-u, qalb tiirik bo'lsin!

Xudo seni etsin mudom salomat,
Faqat pastkash qilgay seni malomat.
Har ishing poklikka qilsin dalolat,
Omon bo'l hamisha, azim, ey o'lka!
Senga dunyo etsin ta'zim, ey o'lka!

Akrom MALIK