← Barcha she’rlar
Bir yigit moʻysafid zotga ergashib
Bir yigit moʻysafid zotga ergashib,
“Sizga savolim bor!” – deb qildi nido.
Donishmand qaradi koʻtarib boshin:
“Mayli, soʻyla, – dedi. – Nedir muddao?”
“Qanday kaslar boʻlgay hayotda tuban,
Sharafli atalgay qanday insonlar?”
“Odam toza boʻlsa, ichidan, tubdan,
Eng avval eng toʻgʻri hayotni tanlar.
Bilki, tili boshqa, dili boshqa zot,
Ya’ni ikki yuzli boʻlsa qay kimsa –
Tubanlik chohiga qulabdi, hayhot,
Qalbi halokatda, oʻlmoqda suvsab.
Kim koʻnglin hasaddan aylasa forigʻ,
Tilidan pok soʻzlar yangrasa har dam;
Pok boʻlsa ishi ham, yuzi ham yorugʻ,
Uni desa boʻlgay sharafli odam”.
Akrom MALIK