← Barcha she’rlar
Savol boʻldi bir kun ustodga shunday
Savol boʻldi bir kun ustodga shunday:
“Bu olamda, ayting, baxtli qaysi zot?”
Javob aytdi ustoz: “ Ravshandir kunday –
Shukr-u rizo erur baxt hamda najot.
Kimki har ne’matdan boʻlolsa shodon,
Har ne sinov kelsa, mamnun bosh egsa;
Shubhasiz baxtlidir ana shu inson,
Ne tong, boshi baxtdan koʻklarga yetsa!”
Yana savol boʻldi:
“Ustod, tashakkur,
Afv eting bizlarni, biz –hadsiz, gustoh.
Kimning koʻzlarida topilmagay nur,
Ya’ni baxtsiz boʻlib, atalgay gumroh?”
Ustod aytdi: “Javob kunday ravshandir:
Kimda shukur yoʻqdir va etgay isyon –
Garchi hayot goʻzal, yorugʻ gulshandir,
Baxtiqaro qolgay ana shu inson”.
Biroz sukut qilib, ustodi komil
Yana suxan etdi: “Shul erur subul.
Ammo qaysi kimsa boʻlsaki gʻofil,
Bu soʻzni aylamas hech qachon qabul”.
Akrom MALIK