Parcha-parcha bo‘lib sochilgan edim
Parcha-parcha bo‘lib sochilgan edim,
Zarra-zarra qilib yig‘ib kelyapsan.
O‘zimni chaynadim, maydalab yedim,
Qarshimdan men bo‘lib chiqib kelyapsan.
Olamni to‘ldirgan oftobning nuri
Qalbning kulbasiga qilolmas duxul.
Tark etsa odamni aql-u shuuri,
Mastdek g‘avg‘o solib, daydigay nuqul.
Balki lablaridan chiqqan tovushni
Qulog‘i tuymagay, idrok etmagay.
Changalida ezib ruh nomli qushni,
Azob boisini anglab yetmagay.
Ichdan xoin nafsning isyoni behad,
Tashdan shayton kelgay qo‘shinin tortib.
Vujud qal’asida aql-u qalb faqat
Hayron qotib qolgay ruhni og‘ritib.
Shunda yangrab nogoh imdod azoni,
Ruhga xitob kelgay: “Takbiri qomat!”
Go‘yo birdan tinib fitna to‘zoni,
Qayta tug‘ilgaysan sog‘-u salomat.
Ohista qadamga tutgaysan quloq,
Birdan tinchib qolgay tashdan hujumlar.
Aql-u qalbni yuvib zangori buloq,
Tongday gullay boshlar qorong‘u tunlar.
Falakdan nur sochib tushgay tumonat –
Malaklar qo‘lida zanjirlar tutib.
Yerni asta qoplab vazmin sukunat,
Iblislar qo‘yilgay zanjirband etib.
Endi faqat nafsning g‘avg‘osi qoldi,
Faqat nafs aylagay tug‘yon beadab.
Lek tashdan hech ko‘mak kelmagan holda
Nafsning sasi asta borgaydir pastlab.
Lek yana ilohiy lutf borki, ajib,
Nafsni sindirmoqqa berilgay qurol –
Kun bo‘yi “Yo Haq!” deb lazzatdan kechib,
Ro‘za bilan nafsni etgaysan poymol.
Kecha-kunduz bo‘lgan hujumlar, valloh,
Tinib, ruhing topgay orom-u sukun.
Endi Haqdan so‘rab najot-u panoh,
Uning madadini olishing mumkin.
Parcha-parcha bo‘lib sochilgan edim,
Laxta-laxta yutdim kecha-kunduz qon.
Bag‘ringni keng ochib, jilmayib kelding,
Qalbimga nur ila kirding, Ramazon.
Ey rahmat fursati, marhamat oyi,
Mag‘firat daryosi jo‘shgan Ramazon!
Xasta ko‘ngillarning omonlik joyi,
O‘n ikki oy ichra o‘zingsan sulton!
Shoh-u gadolarni ajratmaysan sen,
Hech kimni quvmaysan huzuringdan hech.
Barchaning kulbasin yoritgaysan teng,
Ketmaysan hech kimdan izohsiz kechib.
Istasa, qaysi bir, sho‘rlik, notavon,
Tavba eshigiga borgaysan boshlab.
Yig‘lasa, qaysi bir, jigar-bag‘ri qon,
Yarim yo‘lda aslo ketmaysan tashlab.
Kechir, ehtiroming etolmasam gar,
Afv et bo‘lolmasam sha’ningga loyiq.
Ammo amin bo‘lki, men qul, har safar,
Senga o‘lar holda kelganman toyib...
Robbim, Senga shukur, adadsiz shukur –
G‘ufronga chulg‘angan oyni bermishsan.
Bandang o‘z holidan qilganda nufur,
Poklan deb bu ulug‘ soyni bermishsan.
Madad ber, nafsimdan bo‘layin g‘olib,
Madad ber, madading to‘xtatma bir on.
Diydoringga bo‘lib har lahza tolib,
Qalbimga aylanib qolsaydi, Qur’on...
Akrom MALIK