← Barcha she’rlar
Eng ulug‘ ne’matdir bilmoq Xudoni
Eng ulug‘ ne’matdir bilmoq Xudoni,
Xudoni tanimoq, Unga sig‘inmoq.
Undan kutib har ne lutf-u atoni,
Sog‘insang, Xudoning do‘stin sog‘inmoq.
Lekin azob erur, iztirob, evoh,
Xudoni tanib, so‘ng qolmogʻing karaxt.
Bo‘lmoq lozimdirki, hush ila ogoh –
Xudoni eslamoq har dam buyuk baxt.
Xudoni tanigan bo‘lsang, ey aziz,
Bu shodlik hissini chuqurroq tuygil.
Qoyim bo‘l, egil va har kun cho‘kib tiz,
Izzatli boshingni sajdaga qo‘ygil.
Turfa musibatlar chiqsa yo‘lingdan,
Turfa lazzatlardan qolsang gar yiroq –
Bu ishlarning bari, ishon, dilingdan,
Xudoni eslagil degan qo‘ng‘iroq.
Qalbingni nojoiz oʻy-la bulgʻatma,
Dunyo sevgisiga sezma ehtiyoj.
Eng katta yaxshilik qulga eslatma:
Xudoga muhtojsan, muhtojsan, muhtoj.
Akrom MALIK