Insonlardan ranjima, o‘zing ham insondirsan
Insonlardan ranjima, o‘zing ham insondirsan,
Gohida oqil bo‘lsang, gohida nodondirsan.
Nuqson-u xislatingga boqib, ko‘p hayrondirsan,
Hayron bo‘lma, har ishning go‘zal hikmati bo‘lsa,
Buni anglar hikmatga kimning himmati bo‘lsa.
Odamzodni to‘ldirgan har nuqson-u, har xato
Bildirgayki, eng komil, mukammal Zotdir Xudo.
Avval sevgi, so‘ng hijron O‘zi qilgay-u ato,
Boshga tushgan bu ajib, aql yetmas savdolar,
Xudoga borar yo‘lni ochgaydir bu g‘avg‘olar.
Kimki yomonlik qilsa, nafrat etmasang undan,
Yaxshilik qilgandan voz kechmasang turfa kunda,
Qalbingning sof ekani ayon bo‘lgaydir shunda –
Balki qalbing sof bo‘lgay shunday hodisa ila,
Basharti yashasang sen Xudodan hikmat tilab.
Tuproqqa boq – ne ibrat – hamma tirik bo‘ynida,
O‘lgach, yana joy berar o‘liklarga qo‘ynidan.
Ammo isyoni yo‘qdir – o‘t chiqmas o‘yinidan,
Haqning hukmiga mudom taslim bo‘l tuproq kabi,
Shoyad, falaklar uzra hosil bo‘lgay matlabing.
Akrom MALIK