Bu olamni to‘ldirmish ilohiy tajallolar
Bu olamni to‘ldirmish ilohiy tajallolar,
Bandaga vojib erur yolvorish, tavallolar.
Qalbing ko‘ra olsa gar, iqror-u tasdiq etgay –
Haqning rahmat-u adlin vasfin lavhiga bitgay.
Xudo senga yuborsa o‘nta musibat nogoh,
Yigirma madad qo‘shib yo‘llagay, bo‘lgil ogoh!
Bitta kasallik bersa, ikki shifosi bo‘lgay,
Bo‘g‘iq tunning ortidan tongning safosi kelgay.
Gunohga yo‘liqsang gar yashirgay, sir tutgaydir,
Har damda nido aylab, istig‘foring kutgaydir.
Jazo ham kelmas tuyqus, avval kelgay shamoli,
Ya’ni degay: “Tavba qil, banda, shul erur holing!”
Har qancha haddan oshsang, shoshilmas, etmas shiddat,
Shoyad, tavba qilgaysan, Haqdan bu erur rahmat.
Va bir kun el-ulusga sening yuzing ochgaydir,
Sharmanda bo‘lgaysan-u, do‘st-u dushman qochgaydir.
Hamon bu tamg‘a emas – do‘zaxga degan mahkum,
Xudoning hukmi hech bir bandaga emas ma’lum!
Ya’ni tavba eshigi hamon ochiqdir, ochiq,
Ey banda, najot topgil Xudo poyiga qochib!
Nafs quturgay, to‘ymagay lazzat-u huzurga hech,
Shayton yaqinlatmagay uzur-u ma’zurga hech.
Umidsiz bo‘lmog‘ingni istagay mudom shayton,
Iymonsiz o‘lmog‘ingni istagay mudom shayton.
Xudo balo bersa bir, himoyasi ming bo‘lgay,
Yer yuzini tor desang, jannatlari keng bo‘lgay.
Xudoning adli shuldir – har qulfga kalit bor,
Kalitni topib berib, yana O‘zi madadkor!
Xudoning rahmati shul – bir sinovga ming ajr,
Tun qancha qaro bo‘lsa, undan yorug‘roq fajr.
Seni buncha chohlarga tushirgan ham Xudodir,
Musibatlarda toblab, pishirgan ham Xudodir.
Har qadamda bir tikan, tutib yana o‘nta gul
Seni poklab abadiy hayotga chorlagay Ul.
Xudoning rahmat-u adli, hikmati nurdir, ey do‘st,
Buni anglagan inson ozod-u hurdir, ey do‘st.
Akrom MALIK