← Barcha she’rlar

Balki kuzning sovuq va sariq kunida kurtaklab qo'ydim

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Balki kuzning sovuq va sariq kunida kurtaklab qo'ydim
va tilla tanga tilangan gadoy kabi kaft yozdim.
Urushga chiqqan odam o'limni olgani kabi bo'yniga
sendan javob kelmasligiga rozi bo'lib xat yozdim.

Yozganingdan yozmaganing menga yaxshi bo'lsa, ne ajab,
bu men uchun o'zimning asl bahoyimni esga solajak.
Yer hamon meni ko'tarib yurganini bilish uchun ehtimol
o'zimni yerga urmoq uchun senga xat yozib qo'ysam kerak.

Undan ajibroq hikmati shulki, o'zimni adashib
tirik degan o'yga borib qolganim onda
Senga xat yozib o'lganimni yodga olsam-chi!
Zotan, murda bilan kimning ishi bordir yorug' jahonda!

Akrom MALIK