← Barcha she’rlar

Yosh oʻttiz beshdan bir yilga oshdi

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Yosh oʻttiz beshdan bir yilga oshdi,
Vujudda kamaydi yoshlik kimyosi.
Bir vaqtlar jismga oʻt sigʻmay, toshdi,
Bugun sekin gʻolib ruhning hayosi.

Balki asta ketib yigitiy junun,
Endi vazmin boqar kishilik aqli.
Bugun koʻzga ayon adamdan uchqun,
Endi soʻzlamoqqa sukunat haqli.

Endi yurak zaif – har soʻzdan zaxa,
Endi oshib-tushar qonning bosimi.
Endi koʻngil vafo istaydi faqat,
Istar dardkashini – suhbat xosini.

Endi vaqtni quvib, tutishga hol yoʻq,
Endi johilona bahsga yoʻq mador.
Dilga sanchilmasa deya daydi oʻq,
Vujud xilvatgohda koʻringay oshkor.

Ey shoshqin doʻstijon, ey joʻshqin jism,
Nechun tiniming yoʻq, koʻp erur jabring?
Senga qadrdon deb bermishman ism,
Nega sakiynatga koʻnmaydi sabring?

Bir onlik umrni loyqalab, axir,
Nega zulmatlarni koʻzga yopasan?
Bir onlik hayotni shoʻr aylab, taxir,
Bu tor jahon ichra nelar topasan?

Qarshingda turgan bu shikastahol tan
Koʻp chopib, yugurib, bisyor urindi.
Oqibat, yelkaga tashladi kafan,
Chunki fano degan maydon koʻrindi…

Akrom MALIK