← Barcha she’rlar

Bu olamda koʻpdir hayratning turi

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Bu olamda koʻpdir hayratning turi,
Bilaman degan chogʻ bilmaslik ayon.
Mudom haqiqatni qoʻqqisdan koʻrib,
Tiling lol qolgaydir, idroking hayron.

Misol, ikki yuzli odam bolasi
Ikki boshli ajdar undan yaxshiroq –
Chunki senga aniq ajdarning ishi,
Ikki yuzli qasdin bilmaysan biroq.

Ajdarning namoyon ikkita boshi,
Yurolmas birini sendan yashirib.
Hamda toʻkmagaydir timsoh koʻzyoshin,
Sevgi izhor etmas haddan oshirib.

Ammo hayratning eng ajib onlari,
Shu onda yoʻqolgay aqlning soʻzi,
Ya’ni ikki yuzli munofiqlarning
Oshkora boʻlganda ikkinchi yuzi.

Akrom MALIK