← Barcha she’rlar

Xudoyim, boshimga biror g'am kelsa

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Xudoyim, boshimga biror g'am kelsa,
Birovning qoshida qilsam dardi hol;
Va anduh qalbimni xanjardek tilsa,
Senga istig'forlar so'yladim darhol...

Chunki har bir qayg'u Sendandir, Tangrim,
Sening irodang-ku bari hodisot.
Sen bergan hadyadan og'rinsa qalbim,
Muhabbatning ishi emasdir, hayhot.

Nolamning ortidan hamisha, yo Rab,
Sening atolaring keldi paydar-pay.
Shu on quvonchimning yuziga qarab,
Uyatdan qochgali topolmadim joy.

Chunki yengillikdan sevindim ammo
Nechun mashaqqatga ayladim faryod?!
Shumi oshiqlikning ishi, Rabbano,
Holimga voy bo'lsin, o'z holimga dod.