← Barcha she’rlar

Xato qilmoq erur bandaning ishi

She’r · 1 daqiqa o‘qish

Xato qilmoq erur bandaning ishi,
Xatoga mubtalo insonning zoti.
Ammo xatokorlar ichida shaksiz
Tavba qilganining bordir najoti.

Shayton o'z ishidan chekmadi pushmon,
Kibr arqoniga o'zini osdi.
Ammo xatosini tan olgach Inson,
Tavbasi jahannam o'tidan to'sdi.

Ayon haqiqatning bayoni shulki,
Banda xatosiga bo'lmasa iqror,
Tavba ostoniga qo'ymasa boshin,
Uzr tilamasa aytib istig'for -

Ayni iblis fe'li uning fe'lidir,
Va la'iyn qismatin olgaydir meros.
Ammo tavba istab yig'lab kelibdir,
Demak, u farzanddir otasiga mos!

Demak, ato bo'lgay unga ham albat
Buyuk Xudoyimning rahmati, afvi.
Ajab yo'q, boshidan arisa kulfat,
Chekinsa jonidan jahannam xavfi!

Aqlingni ishlat, ey bechora inson,
Nechun og'riqlaring tavbaga eltmas?
Toki tan olmasang, har neki nuqson,
Boshingdan balolar qamchisi ketmas!

Quturgan nafsingni jilovlash uchun
Robbingdan yordam so'r, umidni kesma.
Nurdan iborat bir vodiy turganda
Zulmat dashtlarida tentirab kezma.

Unutma, muhabbat - olamning mag'zi,
Imkonsiz yashamoq sevgidan ayro.
Aslida, muhabbat isboti erur,
Chin dildan yig'lamoq va uzr so'rmoq.