Yarador qush
Yarador qush
Ogʻriqdan qayerga oʻzini
Urishni bilmaydi bir qush.
U doimo uchgan, yerda hech
Yurishni bilmaydigan qush.
Uchmoqqa qanoti majruh,
Qoʻnishga ini ham buzilgan.
Pat bilan koʻmilgan anduh,
Bir qalb u koʻksdan uzilgan.
U sayrabdi toshlarga chunon,
Bagʻrini ochibdi qon boʻlib.
Koʻrdiki, tinglaganlar hamon
Turibdi qop-qora tosh boʻlib.
Bu toshlar joyidan qoʻzgʻalib
Borib tegdi qushga beshafqat.
Yiqilgach boshqa bitta tosh kelib,
Ezib oʻtdi bu qushni majaqlab.
Pajmurda qush endi yotibdi,
Tanida tiriklik sasi yoʻq.
Sayragan ul qaynoq jonining
Ham sasi-yu, ham nafasi yoʻq.
Bu shunday oddiy va mungli
Qissadir, birodar, tinglading.
Ehtimol, bu oddiy qissada
Qushning azobin anglading.
Ehtimol, bu qushni taniding,
Ehtimol, tanimay turibsan.
Balki sen qop-qora tosh kabi
Qushlarni majaqlab yuribsan.