Koʻzlarim koʻr ekan, koʻr ekan mutlaq

Koʻzlarim koʻr ekan, koʻr ekan mutlaq,
Kimnidir buyuk deb etdim e’timod.
Soʻzlarini dedim toʻgʻri hamda haq,
Hatto ismin dilda qildim ehtiyot.
Bugun oshkor boʻldi nihoyat, oshkor —
Koʻrdek koʻrmaganim ne ekan — bildim:
Togʻ deb oʻylagandim, yo Parvardigor,
Qumursqaga qoʻqqis roʻpara keldim.
Balki koʻrmaganim emasdir bejiz,
Chunki koʻzoynakli men ojiz haqir.
Mayda narsalarni choʻkmaguncha tiz
Va egilmasdan koʻrib boʻlmagay, axir.
Mayda narsalarga oʻralashma deb,
Xudoyim qoʻlimdan tutganin bildim.
Qurigan ildizga suv quyib, qarab,
Gullab, mevalashin kutganim bildim.
Yo Rab, mayda boʻlib qolishdan asra,
Sichqonlar ichida qoʻyma mushukdek.
Sherlar davrasiga meni qoʻsh, yo Rab,
Mayli, ul davrada boʻlay kuchukdek.
Ulugʻ karvoningda boʻlsam-u gado
Umoch ulashsang ham roziman, yo Rab.
Doʻstlaring egnida xirqaga hatto
Changdek ilashsam ham, roziman, yo Rab!
Akrom MALIK