Kimdir ketdi, bir soʻz demay jimgina

Kimdir ketdi, bir soʻz demay jimgina,
Tark etdilar oʻlding deya koʻmgandek.
Qolding goʻyo baxtsiz boʻlib sengina,
Qalbing ichra otash qoʻqqis soʻngandek.
Azoblardan yurak ogʻrib otdi tong,
Qiynoqlarda joning kuydi beayov.
Odammassan degan sirni totdi ong,
Gʻam choʻlida qaygʻu seni qildi ov.
Bandasan-da, xato otamerosdir,
Otameros — yigʻlab qilmoq tazarru.
Xudovandim, Senga afv etmoq xosdir,
Meni ayla tavba bilan roʻbaroʻ.
Eplolmasam, agar nadomatni ham,
Tavbalarim sinsa doim chinniday.
Kecha-kunduz yegan oshimdir alam,
Uyqusirab kezsam behush jinniday.
Aytolmasam eplab hatto istigʻfor,
Kunlarimni gʻaflatlarga men sotsam…
Oʻzing meni afv aylagin, Parvardigor,
Kechirishga Oʻzing eng mohir Zotsan!
Men ishimni qilolmasam bexato,
Sen ishingni qilasan-ku xatosiz!..
Yarashgaymi quling yonsa, hasrato,
Boʻlaturib, axir, Sendek Xudosi!
Akrom MALIK