← Barcha she’rlar
Senga rahmat, senga tashakkur

Senga rahmat, senga tashakkur,
Senga mehrim, ey mehribon Vaqt!
Asta-sekin etding meni hur,
Garchi edi bu ish mashaqqat.
Qoni qotdi yaralarimning,
Ogʻriqlarim bosildi, shukur.
Yuvilgandir qoni — xanjarlar
Botgan edi yurakka chuqur.
Onda-sonda eslayman nochor,
Sanchiq berar achchiq xotira.
Tezroq chopib vaqt nomli tulpor,
Ketsam yana uzoqroqlarga.
Vaqt oʻtmasa der edim bir vaqt,
Toʻxtab qolsa, mayli, der edim.
Ammo bugun ne holki, ajab,
Tezroq oʻtsin deyishga keldim.
Koʻrinadi iqbol yorishib,
Koʻrinmaydi nurlarning cheki.
Ammo qarang, baxtimga qarshi,
Vaqt degani yurmoqda sekin.
Akrom MALIK