Ey darvesh! Hech qachon bilim va hikmat beruvchi ko‘p kitob o‘qib, olim va hakim…

Ey darvesh! Hech qachon bilim va hikmat beruvchi ko‘p kitob o‘qib, olim va hakim nomiga erishmoqqa ko‘p urinma, ko‘p toat-ibodat qilib, o‘zingcha obid va shayx bo‘lishga ham harakat qilma, bu amallar aslida barchasi balo va qattiq azoblardir. Ilm va hikmatdan zarurat darajasida bahramand bo‘l va foydali narsalarnigina qo‘lga kiritishga intil; toat va ibodating ham zarurat darajasida bo‘lsin, faqat oxirat uchun kerakli bo‘lgan ibodat amallarini bajo keltir.
Allohni taniganingdan keyin faqat ruh pokligiga erishmoq fikrida bo‘l, beozor va odamlarga manfaat yetkazadigan bo‘lgin; odamiyning najoti ham ushbudir.
Ey darvesh! Kimki ruh pokligiga erishmasa, mol-dunyo va amal-mansabning asiridir. Qorin va shahvatni yaxshi ko‘rish dahshatli bir olovdirkim, solikning dunyo va oxiratini kuydirib, barbod etadi va oqibatda solikni dunyo va oxiratni buzuvchi etadi. Dunyoparastlik va amalparastlik misli odamxo‘r ajdaho erurkim, minglab odamlarni yutib yubordi va kelajakda ham yutib yuboradi. Kimki shahvat va qorin g‘amidan, dunyo muhabbati va amal-parastlikdan qutulsa, haqiqiy eran va hur kishi erur. Butunlay ozod va hur kishi mavjud emas va buning imkoni ham yo‘q, ammo nisbatan ozod va hur bo‘lish mumkin.
Ey darvesh! Barcha odamlar bu olamda zindon asirlaridirlar, payg‘ambarlar ham, avliyolar ham, sultonlar ham, hokimlar ham – hamma zanjir va kishandadir. Kimdir bitta kishan bilan bog‘langan, kimdir ikkita kishan bilan, kimdir o‘nta kishan bilan, kimdir yuzta kishan bilan, kimlardir mingta kishan bilan bandda tutqindir. Kimki bitta kishan bilan zanjirlangan bo‘lsa, mingta kishanga bandi bo‘lgan kishiga nisbatan ozod va hur erur, azob va mashaqqati ham kamroqdir. Chunki zanjir va band ko‘proq bo‘lsa, mashaqqat va azob ham shunga yarasha ko‘payadi.
Ey darvesh! Agar ozod va hur bo‘lish imkoning bo‘lmasa, jillaqursa taqdiringga rozi va taslim bo‘l.
"Komil inson" kitobining to'rtinchi risola qismi beshinchi faslidan olindi.