Tahlil
Ushbu hikoyatni o'qib, bir necha holatlarni anglash mumkin. Eng avvalda odamlar o‘zgarmaganini bilish mumkin. Ya’ni, hikoyatda bir qattiqqo‘l ustoz bor va buni muallif juda yomon sifatlar bilan ifodalaydi hamda uni tanqid qiladi. Ammo uning haybati hikoyatda bosh mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Hozirgi zamonda ham shu voqelikni ko‘rishimiz mumkin. Bu hikoyatdagi asosiy e’tibor bolalarning ta’lim va tarbiyasiga qaratilgan. Ya’ni, hikoyat asosan shu mavzuning atrofida birlashgan, deyishimiz ham mumkin. Chunki aynan shu hikoyat "Gulistoni turkiy" asarining yettinchi bobi — tarbiyaning ta’sirida kelgan. Yana bir dalil — hikoyatda kelgan ikki she’r. Shundan bilish mumkinki, ajdodlarimiz bolalarning ta’lim va tarbiyasiga qattiq e’tibor berishgan.
Yana bir asosiy e’tibor beradigan joyimiz — hozirgi kunda ta’lim tizimimiz bo‘yicha maktablarda eng ko‘p muhokamalarga va mojarolarga sabab bo‘layotgan voqelik bu — o‘quvchilarda ustozning haybati bo‘lmasdan, o‘qituvchilar bilan yoqa olishishib, ular bilan urishishgacha borishidir. Hikoyatdan bilish mumkinki, ustozning haybati bo‘lganda, o‘quvchilar majbur bo‘lib ham o‘qishadi. Ustozning haybati ketdi, ilm olish ham to‘xtadi. Ustozning haybati bo'ladigan bo'lsa o'quvchi ustoziga qo'l ko'tarish u yoqda tursin tik ham qaray olmaydi. Va aynan shu ajdodlarimiz qoldirgan tarbiya hisoblanadi.
Hikoyatda muallif qattiqqo‘l ustozning o‘rniga halim va ko‘ngli ochiq ustoz kelganda, bolalarning ilm o‘qimay qo‘ygan joyini nozik ifoda qiladi. Ya’ni, solih ustozning o‘zini halim, ko‘ngli salim deb yaxshi sifatlar bilan maqtaydi. Sababi, agar maqtalmasa, solihlikka nisbatan yomon tuyg‘u paydo bo‘lishi mumkin. Chunki solih ustoz kelib, bolalarning ta’limi yomon tomonga o‘zgardi.
Yana bir bilishimiz mumkin bo‘lgani — hozirda ayrimlar da’vo qilayotganidek, musulmonlar qizlarini o‘qitmaydi, degan da’volarning botil ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Hikoyatda o‘g‘il bolalar bilan birga qiz bolalar ham zikr qilinadi.
Sulton NIZOMIDDIN