Hikoyat: Shayx Sa’diy aytur
Shayx Sa’diy aytur:
”Mag‘rib mulkinda bir kuttob faqihin ko‘rdim, tursh yuzli, achi so‘zli, chirkin xulqli, yomon tirlikli, ko‘ngullar ozor qilinchi, och ko‘zli kimarsa edi. Dag‘i suratin ko‘rgan kishilarning ayshi talaf bo‘lur edi. Qur’on o‘qusa, eshitganlarning ko‘ngli qarorur edi. Dag‘i oy yuzli o‘g‘lonlar, dag‘i zuhra ko‘zli qizlar aning jafosi elinda giriftor bo‘lub, qo‘rqusindan imkonlari yo‘q edikim, kulgaylar yo so‘zlashgaylar. Gul yangoqlarina selilar urur, dag‘i birining nozuk oyoqlarina shikanja qo‘yar edi. Alqissa, eshittimkim, anga bir balo kelib, yomon ishga mansub bo‘lib, muhkam urib, surdilar, dag‘i kuttobni bir solih kishiga berdilar. O‘ylakim, o‘zi halim, ko‘ngli salim edi. Chun o‘g‘lonlar ustunda ul burung‘i muallimning haybati ketti. Emdi, bu muallimni malak siyratinda ko‘rdilar. Biri-biri bilan devsifat bo‘ldilar. Bu muallim hilmina e’timod qilib, ilmni tark ettilar. Aksar avqotlarin turub o‘ynamoq bilan kechurur edilar. Dag‘i durust lavhlarin biri-birining boshi ustunda ushattilar.
She’r
Muallim bo‘lmasa haybatli, ey yor,
Saqolindan tutib, o‘g‘lonlar o‘ynar.
Bir necha kundan so‘ngra ul masjid eshigindan kechtim, ko‘rdum avvali muallimning ko‘nglin xush etib, burung‘i yerina kechurub tururlar. Mujarrad oni ko‘rmak bilan malul bo‘lub, la havla deb ayttim: “Bu iblisni nechun maloika uza muallim qo‘yub dururlar?” Bir jahon ko‘rgan er esitib, kulub, aytti: “Eshitganing yo‘qmikim, aytib tururlar:
Sheʼr
Bir o‘g‘lin bir malik maktabga berdi,
Murassa’ erdi oltun lavhi naqshi.
Muni lavhinda yozdi kotib avval,
Ota mehrindan usto javri yaxshi.”
Mazmuni:
Shayx Sa’diy aytadilar:
Mag‘rib* tomonlardagi bir maktab faqihini ko‘rdim. Qovog‘idan qor yog‘adigan, achchiqso‘z, badxulq, hayoti yaxshi bo‘lmagan, ko‘ngillarga doim ozor beradigan, ochko‘z odam edi. Yuzini ko‘rganlarning ko‘ngli xira bo‘lar, agar Qur’on tilovat qilsa, eshitganlarga xush kelmas edi. Oy yuzli bolalar, zuhro ko‘zli qizlar uning beradigan ozoridan qo‘rqib, darsda na kulishga, na bir-birlari bilan gaplashishga imkonlari bo‘lar edi. Gul yanoqlariga urar, yana nozik oyog‘iga azob berar edi. Bir kun eshitsam, boshiga bir balo kelibdi. Uni bir yomon ishni qilganlikda ayblab, yomon urib, surgun qilibdilar. Maktabda esa bir solih insonni uning o‘rniga qo‘yibdilar. U inson qalbi toza, halim inson edi. Bolalardan oldingi ustozning haybati ketdi. Endi bu ustozni farishtadek ko‘rib, o‘zlari shaytonsifat bo‘ldilar. Uning muloyimligidan foydalanib, ilmni tark etdilar. Juda ko‘p vaqtlarini o‘yin o‘ynash bilan o‘tkazib, darsda ishlatadigan lavhlarini bir-birlarining boshlariga urishadigan bo‘lishdi.
She’r mazmuni:
Ey do‘stim! Agar ustozning o‘quvchilar oldida haybati bo‘lmasa, u o‘quvchilar uning soqolidan tutib o‘ynashgacha borishadi.
Bir necha kundan so‘ng u maktab joylashgan masjidga kirdim. Qarasam, avvalgi ustozni olib kelib, har xil gaplar bilan ko‘nglini xursand qilib, oldingi ustozligiga qaytaribdilar. Uni ko‘rishim bilan yana yoqmay ketib, “La havla va la quvvata illa billah”ni aytib dedim: “Bu iblisni nimaga farishtalar ustidan ustoz qilib qo‘yishgan?” Bir yoshi ulug‘, jahon ko‘rgan inson bu gapimni eshitib, kulib aytdi: “Mana bu gapni eshitganing yo‘qmi:
She’r mazmuni:
Bir podshoh o‘g‘lini maktabga beribdi. Uning lavhining ustiga oltin naqshlar chizilgan edi. Birinchi navbatda, kotib lavhiga shunday yozdi: “Otaning mehridan ustozning jabri yaxshiroqdir”.
*Magʻrib — asosan hozirgi Marokash. Shimoliy Afrika.
Sayfi Saroyining "Gulistoni turkiy" asaridan Turkiy alifbo tahsili 3-sinf oʻquvchisi Sulton Nizomiddin tayyorladi.
Manba:
1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 141a—142a-sahifa, Leyden universiteti kutubxonasi.