← Barcha maqolalar

Tez natija bo‘lmaydi. Kimningdir rizqi keng bo‘lib, yoshligida boyib ketishi…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Tez natija bo‘lmaydi. Kimningdir rizqi keng bo‘lib, yoshligida boyib ketishi mumkin. Ammo bu umr bo‘yi mana shu shaklda pul oqib kelib turadi degani emas. Ko‘ngildan tez natijaga erishaman degan xayolni, aniqrog‘i, vasvasani chiqarib tashlagan inson xotirjam tortadi.
Bir bola 9 oy-u 9 kunda tug‘iladi. Bir yigit 20 yoshda jisman, aqlan hayotga tayyor bo‘ladi. Inson 40 yoshda kamolga yetadi. Mevalarning pishishi uchun ham vaqt kerak. Nima tez bitayotgan bo‘lsa, u g‘ayritabiiydir.
Yoshlar tez natija qilaman emas, halol mehnat qilsam, mashaqqatlarga chidasam, sabr qilsam, to‘xtamasam, pishiq va aniq natijaga erishaman deyishlari maqsadga muvofiq. O‘sha natija balki 10, balki 20 yil vaqtni talab qiladi. Kimdir chiqib, sizga tez natijaga erishmoq uchun beshta shartni aytaman, shuni bajarsangiz, natijaga erishasiz deb aytayotgan bo‘lsa, u kazzobdir. U sizning diqqatingiz evaziga tirikchilik qilmoqchi – ko‘rishlar sonini oshirmoq, sizni ovlab, pulingizni qo‘lga kiritmoqchi, lekin evaziga hech narsa topmaysiz. Qo‘yningiz puch yong‘oqqa to‘lgani va uning aravani quruq olib qochgani qoladi.
Yer-u ko‘kni Xudo olti kunda yaratgani zamirida bandalarga shoshmaslik hamda vazminlik tarbiyasi berilgan deyishadi tafsir olimlari. Xudo shoshmas ekan. Odam nega shoshsin? Shayton shoshar ekan. Shoshishga chaqirish shaytonga taqlid qil degani emasmi?
Sohani tanlang, erinmay ilm oling, malaka hosil qiling, kecha tuxumdan chiqib, ovoz pardasini yirtib qichqirayotgan jo‘jaxo‘rozga boqmang, kamida 20 yilga mo‘ljallab reja qiling: ilm, malaka, kasb, mahorat; uylanish, arava, uy, barqaror daromad, ishonchli jamg‘arma va hokazo. Bugun topib, ertaga yot bir davlatga sayohatga borib tashlab kelaman deb emas, sokin hayot, halovatli qalb, ofiyatli turmush uchun.
Katta va’da bergandan qoch, u albatta, seni aldayapti. Katta va’da beruvchi firibgar bo‘ladi.

Akrom MALIK