← Barcha maqolalar

Bilgilkim, komil inson deb shariat, tariqat va haqiqatni to‘liq egallagan odamni…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Bilgilkim, komil inson deb shariat, tariqat va haqiqatni to‘liq egallagan odamni aytadilar. Agar bu iborani tushunmasang, boshqacha so‘z bilan aytay: bilgilki, komil inson shunday insonki, unda to‘rt sifat kamolga yetgan bo‘lsin: ezgu so‘z, ezgu amal (fe’l), ezgu axloq va maorif.
Ey darvesh! Tariqat yo‘liga kirgan barcha soliklar shu niyat bilan yashaydilar va soliklarning murodu maqsadi, amaliy ishlari shu to‘rt narsa (sifat)ni kamolga yetkazishdir. Kimki shu to‘rt narsani kamolga yetkazsa, o‘zi ham kamolotga yetgan bo‘ladi. Ammo, afsuski, bu yo‘lda qancha talabgorlar kelib, (oxiriga yetkazolmay) maqsadlari amalga oshmasdan yo‘qolib ketdilar.
Ey darvesh! Komil insonni bilding, endi shuni bilgilki, bu komil insonning ismlari ko‘p, uni turli ibora va laqabu istioralar, o‘xshatishlar bilan tilga oladilar. Bu ism va tashbehlarning hammasi rostdir (munosibdir).
Ey darvesh! Komil insonni shayx, yo‘lboshchi (rahnamo, peshvo), hodiy va mahdiy deydilar. Va dono, bolig‘ (balog‘atga yetgan), komil, mukammal ham deb sifatlaydilar. Va imom, xalifa, qutb va zamon egasi ham deydilar. Va jahonni ko‘rsatuvchi jom, dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu, ulug‘ taryoq (zaharga qarshi dori) va iksiri a’zam (buyuk eleksir) deydilar. Uni o‘likni nafasi bilan tiriltiruvchi Iso, hayot suvini ichgan Xizr va qushlar tilini biladigan Sulaymon podshoga mengzaydilar. Va bu komil inson hamisha olamda mavjuddir va bittadan ortiq emasdir. Zero, butun mavjudot (borliq) misoli bir Shaxsdir va komil inson shu Shaxsning qalbidir va Mavjudot qalbsiz bo‘lmaydi, demak, komil inson hamisha olamda bor. Qalb bittadan ortiq emas.

"
Komil inson" kitobining muqaddima qismi ikkinchi faslidan olindi.