← Barcha maqolalar

Foydali ishlar insonni charchatmaydi. Insonni foydasiz va zararli ishlar…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Foydali ishlar insonni charchatmaydi. Insonni foydasiz va zararli ishlar toliqtiradi. Odambolasi hayotiga nazar solsa, o‘zini ko‘ngildagidek yashamayotgan holda topsa, umrini isrof qilayotganini anglashi kerak. Umrning isrofi – manfaatsiz narsalar ila band bo‘lishdir.
Xoh o‘yin-kulgu qilsin, xoh boshqa ish – insonda ozgina insof bo‘lsa, uning na dunyo, na oxirat uchun foydali ish qilmaganini his etsa, siqiladi, qayg‘uga tushadi. Qayg‘uga tushmasa, demak, u tirik holida o‘likdir.
Foydali ish qilgan kishi uchun ishning foydasini kashf etish va ishonish muhim. Bugun qilayotgan ishi ertaga meva bermasa, xafa bo‘lishga hojat yo‘q, aksar buyuk va pishiq natijalar uzoq yillar to‘xtovsiz ishlash natijasida yuzaga chiqadi. Hozir bandman, eng kerakli ish bilan mashg‘ulman deb aniq ishongan odam to‘xtamasa, yillar o‘tib, albatta, natijani ko‘radi. U halol natija butunlay unikidir. U sof vijdon va quvonch ila unga egalik qiladi. Ammo mehnat qilmagan, sabr-u matonat ko‘rsatmagan kishi yutqazadi. Yillardan so‘ng u bo‘sh qo‘l bilan qoladi.
Foydali ish bilan vaqtini o‘tkazgan odam xotirjam, ha, u ishi uchun hozir meva totmadi, lekin xotirjam, chunki u bu vaqtni bekor shunchaki sovurmadi; gunoh va ma’siyat ila yashamadi – taskin va tasalli uchun shu kifoya. Aksincha, bekor yashagan, odamlarni har qancha “buyuk” ishlar bilan mashg‘ulligi haqida aldamasin, butun insoniyat uni ha, u chindan ham band deb o‘ylamasin, bu yolg‘on ikki ko‘rinishda isbot topadi: birinchisi, inson qalban yolg‘onchilik qilayotganini fahmlav turadi; ikkinchisi, ertaga uning qo‘lida biror natija bo‘lmaydi. Natija bo‘lish uchun bugun ishlash kerak. Bugun harakat kerak. Bugun kurashish kerak. To‘xtamaslik lozim. Bu keyingi ishlar uchun kuch beradi; lekin yolg‘onchilik inson quvvatini so‘rib oladi. Shunday qilib, foydali ish qilgan charchamaydi, ish uni keyingi ish uchun rag‘batlantiradi; lekin bekorchi toliqadi, uning keyingi qadam uchun quvvati bo‘lmaydi, vijdon azobi va afsus uning yeydi. Hoziroq foydali ishga urinmoq kerak.

Akrom MALIK