← Barcha maqolalar

Kuyovbola dastlabki qirq kunda kelinning oldiga ertaroq kirgani yaxshi, kechqurun…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Kuyovbola dastlabki qirq kunda kelinning oldiga ertaroq kirgani yaxshi, kechqurun mutlaqo ko‘chaga chiqmagani maqbul. Lekin o‘zini tutishida hayo va tortinish aks etsa, ana shu chiroyli ko‘rinadi.
Kelin haqida onasiga gapirmagani aqlga ham maqbulki, ertaga hamma ish me’yorida kechadi. Onaizor ayolligiga borib, o‘g‘ilni kelindan rashk qilib qo‘yishi mumkin, shu sababli ona huzurida kelinga iltifot qilish adabsizlikka aylanib ketadi.
Muhabbat o‘yinlari (muhabbatli so‘z-u nigohlar) yashirin bo‘lsa, go‘zal.
Mabodo, onaizor o‘g‘ilga kelinni tanqid qilsa, o‘g‘il boshini quyi solsin, zinhor kelinchagini himoya qilmasin, esini kiritib qo‘yaman deganga o‘xshash gap aytsin va xotiniga bu masalada gapirmasin. Balki jimgina farosat ko‘zi bilan vaziyatni kuzatsin, onaizor ertaga o‘sha aytgan gapidan qaytib qolish ehtimoli katta.
Mabodo, kelinchak tili toyib, qaynonasi haqida shikoyat aytsa, sabr qil, bu kunlar o‘tib ketadi deb unga yelka tutmasin, balki onamning ko‘nglini ol, qayta shikoyat eshitishni istamayman desin.
Kelinchagiga beradigan hadyalarini yashirib bersin. Bu qo‘rqqanidan emas, bu adabdandir.
Kelinchagiga yaxshi va muloyim gapirsin.
Mabodo, kelinchak boshqorong‘u bo‘lsa, buni o‘g‘il aytmasin. Ilk farzandi dunyoga kelganida ham bolam, qizim, o‘g‘lim deyishdan o‘zini tiysin, bu eski adab qoidasidir. Bugun yigitchalar darrov xotinim homilador deya jar solsalar, kelinlar ham qornini hammaga bildirib yursalar, uyalmay bolam, qizim, qiynalyapman deb gapirsalar, bu to‘g‘ri degani emas. Zamona odamlaridan adab g‘oyib bo‘lib, hayo pardalari ko‘tarilgan bo‘lsa-da, bu eski adab va axloq, hayo va ibo keraksiz bo‘lib qoldi yoki xato degani emas, aksincha, o‘sha qoidalarni o‘rganib, ongli ravishda amal qilmoqqa jidd-u jahd etish lozim.
Sababi bunday ochiq-sochiqlik, bepardalik oqibatida ota-ona haybati ketadi, haybat yo‘qolgach, itoat ketadi; itoat tark etgach, yoshlar aqllariga kelgan ishni qilib, xato ustida xato qilib, hayotning berk ko‘chalariga kirib ketadilar. Shu sababli har qanday holda ham ota-onadan hayo qilish, adab qonunlarini ushlash joiz.
Kuyovbola kelinchagining ota-onasi – qaynota va qaynonasiga chuqur ehtirom saqlamog‘i kerak. Unutmasinki, qaynota-qaynona o‘rtoq emas, shuningdek, o‘z ota-onasidan ustun ham emas. Ular bilan masofali gaplashgani, ulardan yordam va qo‘llov olishdan parhez tutgani, ularning huzurida sukut qilgani, uylariga hadeb boravermagani afzal. Har borganda qaynota-qaynonaga biror shaklda hadya bersa, yaxshi. Ammo hadyalari o‘z ota-onasiga berganidan qimmatlashib ketmasin.
Kuyovni payg‘ambar siylagan. Kelinchakning ota-onasi, ya’ni qaynota-qaynona kuyovni ehtirom qilishlari, ismini hurmat bilan zikr qilishlari shart. Agar qizlar tili toyib eridan shikoyat qilsa, jim bo‘l deyish yaxshiroq. Qizim, kuyovimni rozi qil, biz u haqida shikoyat qilma deb har safar ta’kidlash kerak.
Onalar kelin bo‘lib ketgan qizlarini g‘iybat qildirmasin, qudalari haqida salbiy so‘z ayttirmasin. Qudalar nomli faslda bu haqida batafsil to‘xtalamiz, nasib.
Shunday qilib, kuyov qaynota-qaynona, qaynog‘a, qaynilar, bojalar bilan masofali, o‘ylangan shaklda muomala qiladi. Chunki tildan chiqqan bittagina o‘rinsiz so‘z ko‘p dilxiralik va fitna olib kelishi mumkin.
Kuyov oqillik bilan muvozanatni saqlasa, hech bir tarafga o‘ynamasa, xolislik va adolat, donolik va shafqat nuqtasida qat’iy tursa, oilaning muhiti yaxshi, bahavo, yoqimli va erkin bo‘ladi. Agar mas’uliyatini unutib, esiyo‘qlik qilib qo‘ysa, oila imoratiga darz yetishi mumkin.

Akrom MALIK