Xudo va banda o‘rtasidagi sir hech kimga kerak emas. Bu gapning ma’nosi shuki, Xudo…

Xudo va banda o‘rtasidagi sir hech kimga kerak emas. Bu gapning ma’nosi shuki, Xudo uchun qiladigan ishlarini banda birovlarga aytmasligi kerak. Bundan tashqari Xudoning unga qilayotgan va qilgan lutflarini ham ochmagan yutadi. Demak, odambolasi Xudo uchun qilayotgan ishini va Xudo unga berayotgan ne’matlarini yashirsa, maqbuldir. Unday qilmasa, nima bo‘ladi?
Xudoni sevgan Xudo uchun ishlarkan, maqsadi Xudoning rizosi ekan, uni aytsa, qolganlar buning uchun unga qoyil, ofarin, xudojo‘y ekansan desa, u bundan shodlansa, maqsad qayoqda qoladi – u Xudoning rizosini o‘ylaganmidi, yoki odamlarning olqishini?!
Xudo bandasiga mauvnat beradi, karomat beradi. Bu yaxshi ish uchun rag‘bat kabidir. Yosh bolaga barakalla deb xo‘rozqand bergandek. Lekin banda yosh boladek qiliq qilmagani chiroyli – har ne karomat bor, aytmasin. Chunki – Xudo podshoh, odambolasi – qul. Qul podshohning sirini nega ochishi kerak? Podshoh sirini ochgan dargohdan quvilmaydimi?
Bandaning o‘ziga berilgan karomatdan so‘z ochgani natijasida avom kishilar unga Xudoga yaqin zot deb parvona bo‘lishadi. Iya, ey xudojo‘y, sen o‘zingni Xudo deb e’lon qilmoqchimi eding?
Haddan oshgan xokisorlik shunday soxtalikki, uning turqi haddan oshgan takabburlik kabi xunukdir.
Samimiyat va oddiylik, me’yor va o‘rtachalik – asl go‘zallik va najotdir.
Xudoni tanigan odamda haddan oshish bo‘lmas ekan, haddan oshilgan har joyda Xudodan bexabarlik bo‘larkan.
G‘aflat shunday qalin parda ekanki, kimning ko‘zini yopsa, kishi mast bo‘lib, hech narsani ilg‘amay qolarkan – shukurdan, sabrdan yiroqligini, dunyo tashvishi uni zabt etib, qalbini bekor narsalar egallab olganidan odambolasi xabarsiz yurarkan. Shu sababli har kuni nafas rostlab, shovqinlardan xoli bo‘lib, ko‘zni yumish yaxshi ish. Xatolarni tahlil etish va nadomat chekish, vazminlik ila dunyo ishiga nazar tashlash ayni hikmatdir: shuncha yelib-yugurganim bilan bu olamni tark etaman; meni band qilgan narsalardan ne foyda topaman? Ishlarimning bahosi qanday – yaxshimi, yomon?.. Qalbimni nimalar to‘ldirdi-yu, hayotimni nimalar bosib ketdi? Kimlarga zulm qildim-u, kimlarga haqsizlik qildim?..
Ba’zan oqimga o‘zini tashlagan cho‘kishdan qutularkan. Zotan, Xudo bilan ko‘proq va uzoqroq sirlashganning qalbi xotirjam, nafsi sokindir.
Xudo va odambolasi o‘rtasidagi sirni hech kim bilmasin, shuni bilmasa, bandalar hech narsa yo‘qotmaydi; bilgani bilan biror narsa topmaydi. Avomning og‘zi uchun mashg‘ulot kerak: yo kimnidir maqtash, yo kimnidir chaynash. Maqtaganini unutadi, chaynaganini tupuradi. Avomning og‘ziga tushishdan hazar qilish kerak.
Akrom MALIK