Nega ba’zan avval kuchli sevgi, keyin nafrat paydo bo‘ladi? Sevgi – bir tomonning…

Nega ba’zan avval kuchli sevgi, keyin nafrat paydo bo‘ladi? Sevgi – bir tomonning ikkinchi tarafga talpinishi. Bu hirs yoki shahvat qasdidagi talpinish emas, balki mazkur tama’dan ozod bo‘lgan tuyg‘u ushbu matnimizning bosh mavzusidir.
Sevgining paydo bo‘lishi tahqiqida shunday gaplar bor ekan: sevgi kamol sababli uyg‘onadi, ya’ni bir insonning muayyan masalada mahorati, ilmi, xulqi qalbda unga nisbatan iliqlik uyg‘otadi. Sevgi navol bois tajalliy etadi, ya’ni bir odamdan beminnat yaxshilik ko‘rgan odam unga qattiq bog‘lanadi. Bu holdan ayrim tuzumlar g‘araz bilan foydalangan: yetim bolalarga avval qattiq zulm qilishgan; so‘ng kimdir uni qutqargan, o‘sha qutqarganiga bechora yetim qattiq muhabbat qo‘yadi. Sevgi jamol tufayli keladi – ko‘z-qoshi chiroyli, qomati hipcha bo‘lganlarga ham odamning ixtiyorsiz ravishda ishqi tushib qolishi mumkin.
Sevgining haddan oshishi xatarga olib boradi. Kamol va yaxshilik hosili bo‘lgan sevgidan ko‘ra jamol – chiroy uyg‘otgan sevgida xavf kuchli. Bu qanday xatar?
Sevgining, yoki oshiqning yuradigan yo‘li xaritasi bunday: avval qalbda miltillagan yoqtirish seziladi; agar bu sevgining urug‘i bo‘lsa, bir deganda guvillab butun qalbni alanga kabi qamrab oladi. Benzin sepib, ustidan gugurt chaqilganda olov qanday ko‘tarilsa, ishqning olovi ham dilning ichida shunday ko‘tariladi.
Sevgi bobida inson ikki bosqichdan o‘tadi: birinchi bosqichda u sevgining tabiati va mohiyatini bilmaydi; bu haqida na ilmi, na tajribasi bo‘ladi. Bu ko‘proq yoshlarga tegishli. Shu sababli ishq oshiqni ilk hujumi vaqtida telba qilib qo‘yadi. U sevgilini hadsiz sog‘inadi; yursa ham, tursa ham uni o‘ylab, aqldan ozib qolay deydi. Sevgisini izhor qilay desa, jur’at yo‘q. Jur’at qilay desa, sevgilidan bir yo‘la ayrilib qolishidan hadiksiraydi. Shu tariqa oshiq yonib-kuyib yuraveradi. Ammo bu ishq sekin sokinlashadi. Bu bosqichdan eson-omon o‘tsa, oshiq ziyon-zaxmatsiz qutuladi. Lekin ishqning ilk hujumidan ham, takror hujumidan ham ziyon chekmay xalos bo‘lganlar juda kam.