← Barcha maqolalar

Inson hayotida so‘z o‘ta ahamiyatlidir. Yutgan odamlarning har biri so‘ziga…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Inson hayotida so‘z o‘ta ahamiyatlidir. Yutgan odamlarning har biri so‘ziga e’tiborli bo‘lganlardir. Yutqazganlarning hammasi so‘ziga loqayd qaraganlardir. Kim o‘z so‘zini qadrlasa, uni barcha qadrlaydi. Kim o‘z so‘zini oyoqosti qilsa, oyoq ostida qoladi. Sergap degan nom eng yoqimsiz nomdir. Kamgap degan sifat eng yaxshi sifatlardan biridir.
So‘zlashning ayrim qoidalarini zikr qilamiz.
Birinchidan, kishi bilgan narsasi haqida so‘zlamog‘i matlub. Bilmagani haqida aytish odamning obro‘sini tushiradi.
Ikkinchidan, kishi bilgan so‘zini ham eng kerakli o‘rinda gapirsin. Ba’zan haqiqat zulmga ham sabab bo‘ladi. Barcha adolat va rahmat bu dunyoda rostgo‘ylik ila yuzaga chiqmaydi, yolg‘onning ayrim hollarda yaxshilikka xizmati bor. Shu sababli inson chin so‘zni aytyapman deb hamma gapni aytaverishi maqsadga muvofiq kelmaydi.
Uchinchidan, boshqalarning sha’nini ehtiyotlash orqali inson o‘z sha’nini ehtiyotlaydi. Odamlar obro‘sini yerga uruvchi gaplardan saqlangan ma’qul ekan. Insonlarga chinakam qayg‘urish til orqali ularning qalbini ozorlamaslik va qadr-qiymatini yerga urmaslik ekan.
To‘rtinchidan, so‘ralgan savolga javob berish, ortiqcha tafsilotga o‘tmaslik yaxshi fazilat sanaladi.
Beshinchidan, odam hatto o‘z farzandining ham rioyasini qilib, yaxshi gapirsa, yutuqda bo‘lar ekan. Menga falonchi yaqin-ku deya tilga erk berish yaqinlardan ayrilishga olib keladi. So‘z orqali ilonni inidan chiqarish mumkin ekan, demak, chiroyli va ma’noli kalom bilan qalblar zabt etiladi, maqsadlar hosil bo‘ladi.
Oltinchidan, haqorat so‘zini ishlatganlar qarshisida javob bermaslikdan ko‘ra go‘zal axloq tajribada ko‘rilmadi. Kimdir insonni turfa ayblar bilan haq-nohaq ayblab, so‘zlar o‘qini yog‘dirsa, indamay u joyni tark etish eng oqilona yechim bo‘larkan. Chunki johilga yaxshi gap kor qilmaydi; yomon gap esa go‘zal axloqqa ziddir.
Oltinchidan, ko‘plab malomat va ayblovlarga nisbatan sukut qila olishdan kattaroq haybat kashf etilmadi. Asossiz gaplarga jim ketishdek ulug‘ axloq topilmadi.
Ortiqcha gapirishlar, soxta chiranishlar, aqlimni va ilmimni ko‘ringlar deya vaysab turishlar kabi achinarli manzara yo‘q. So‘z faqat zarurat sanalgan onda ishlatilsa, maqsadga juda tez yetkazadi; zaruratsiz ishlatilsa, muhtoj vaqtda so‘zdan manfaat kelmaydi. So‘ziga xo‘ja bo‘lgan o‘ziga ega chiqadi, ya’ni boshqa hech kimga bosh egmaydi. Tildan chiqqan so‘z yo dushman, yo do‘st. Behuda yangrasa, u isrof etilgani uchun sening dushmaning; kerakli o‘rinda qo‘llansa, so‘z umrbod sening xizmatingda.

Akrom MALIK