Xotinlar biror ishni barqaror bajara olmaydigan, xayollari har narsaga sochiluvchi…
Xotinlar biror ishni barqaror bajara olmaydigan, xayollari har narsaga sochiluvchi, diqqatini jamlashdan ojiz, begonalar ta’siriga tushuvchidirlar; agar qaysi xotin erga itoat qilib, biror ishni doimiy shaklda bajarsa, xayoli har qancha sochilsa ham, ishiga qayta olsa, begonalar har narsa deb qutqu solsalar-da, oila va erini birinchi o‘ringa qo‘ysa, aqlli, hushli xotin o‘shadir.
Xotinlar dangasa, ovqat qila olmaydigan, tuyg‘usiga ergashib, ishlarni qo‘l uchida qiluvchidir; qaysi xotin g‘ayratli, pazanda, ozoda, oiladagi vazifasini o‘z vaqtida bajaruvchi bo‘lsa, u javohir xotindir.
Xotinlar o‘zida bormi-yo‘qmi, ijobiy sifat va axloq bilan ommani qoyil qoldirish, qarsaklar eshitishga o‘chdirlar; qaysi xotin hech qachon omma qarshisiga talpinmasa, bundan o‘zini olib qochsa, o‘zini chin ma’noda berkitsa, u Xudoning do‘sti va asilzodadir.
Xotinlar eri bilan tez dushmanlashadigan, tez sotadigan, begonaga tez do‘stlik bildiradigan sifatlarga egadir; qaysi xotin eri bilan adovat qilmasa, eriga sadoqatli bo‘lsa, u qadrga loyiqdir.
Matonatli, sadoqatli, itoatli, farosatli, oilasevar, erining ko‘nglini oluvchi, eriga butkul ishongan; erini har qanday paytda ham xorlamaydigan; qiyinchiliklarga sabrli; ne’matlarga shukurli; oila sirlarini saqlovchi; mehnatkash; ko‘zini bema’ni tasvirlardan, qulog‘ini noqobil so‘z eshitishdan, tilini g‘iybat va chaqimchilikdan tiyadigan; shon-shuhratga, tanilishga intilmaydigan; onasi va opa-singillariga erining, qaynota va qaynonaning sirlarini yetkazmaydigan; tili shirin, yuzi tabassumli; noz va erkaliklari o‘z o‘rnida bo‘lgan; isrof qilmaydigan; farzandlariga mehribon, ulardan og‘rinmaydigan; Xudoga ibodat, eriga itoatda komil xotinlarga shon-sharaf, ta’zim va duolar bo‘lsin!
Erning asabini yeb, pastkashlikdan qaytmaydigan, yolg‘onchi, xiyonatkor, sabrsiz, dunyoparast, shuhratparast va shu kabi tarbiyasizliklarga mubtalo xotinlarga esa biror so‘z yo‘q, chunki ularning mana shu sifatlari ular uchun yetarli jazo; ular xorlik va zillatni o‘zlari uchun barpo qiladilar.
Xotinlar uchun eng katta xatar – hasadgo‘y, ichiqora xotinlardir. Ayollar, odatda, o‘z jinsidan bo‘lganlardan tez ta’sirlanadilar. Ertaklarda ham yosh qizlarni yo‘ldan urish yalmog‘izlar zimmasiga tushishi ham bejiz emas. Shu sababli hurmatli ayollar o‘zlari kabi makkor va ayyorlarning hasad va hiylalariga aldanmasliklari kerak – ularga g‘amxo‘rlik kabi aytilayotgan ko‘plab gaplar aslida, yo‘ldan urish, oilani buzish, erdan ajratish, baxtiga, to‘kin hayotiga, ofiyat va salomatligiga hasad sababli chang solish maqsadida yangrayotgan bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Ba’zan opalar singillarga ham o‘zlari bilmay hasad qilishlari mumkin – og‘riq oshdan, yov qarindoshdan. Bu o‘rinda ayol zoti o‘z hayotiga nazar solishi, uni vasvasaga solgan gaplarning haq yoki nohaqligini fikr bilan ajrata olishi zarur: uyim bor; rizqim to‘kin; egnim but; bolalarim sog‘; erim mehribon – demak, hammasi joyida deya olishi shart, aks holda, har qanday ayolning fitna va hasad qurboni bo‘lishi juda ham oson. Asosiysi, ayolning o‘zi hasadchi bo‘lib qolmasligi kerak. Ayrim ahmoq xotinlar biror erni sevgandek bo‘lib, uni oilasidan, xotinidan ongli ravishda ajratib, tegib olishni reja qiladilar. Bundaylar to‘g‘ridan to‘g‘ri ayolning o‘ziga ham ruhiy-aqliy, hissiy hujumlar uyushtiradilar. Bulardan, umuman, bunday fitnalardan omon bo‘lishning yo‘li – xotin kishi onasi, qaynonasi va shu kabi ishonchli qarindosh ayollardan boshqa begona xotinlar muloqotidan o‘zini ongli ravishda asray olishidir.
Ming erdan yuz avliyo chiqsa, yuz ming xotindan bir avliyo chiqar emish; ammo shu bir avliyo xotin yuz avliyo erdan afzal turar ekan. Pokiza xotinning oyoq bosgan joyidagi tuproq yuz ming nopok erdan ustun turar ekan.
Pokiza va matonatli ayollar qarshisida erkaklar hamisha taslim va ta’zimdadir.
Qaysi qatordan, qaysi safdan joy olishni xotinlarning o‘zi hal qiladi, o‘zlari buni tan olmasalar, erlarning gapi ularga o‘tmaydi.
Akrom MALIK