← Barcha maqolalar

Kelin, agar sharoit ko‘tarsa, o‘zi nevara ko‘rgunicha ham qaynona huzurida bo‘lsa…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Kelin, agar sharoit ko‘tarsa, o‘zi nevara ko‘rgunicha ham qaynona huzurida bo‘lsa, maqsadga erishilgan bo‘lur edi. Bu shaklning bunday a’lo jihatlari bor:
1. Qaynona umri davomida yiqqan tajribalarini kelinga qoldiradi.
2. Kelin aniq kun tartibiga ega bo‘lib, aniq va shakllangan qoidalarni o‘zlashtiradi, bu erta uyg‘onish; oila uchun nonushta, tushlik, kechkilik tayyorlash; bir vaqtda oilaning jamlanib ovqatlanishi; pazandalik, ozodalik, tikish-bichish sirlarini qaynonadan o‘zlashtirish; erining boshini qotirishga vaqti qolmay, ulg‘ayib, hayotning yuziga tik qarab, aql hosil qilish – bularning barchasi qaynona xizmatida qo‘lga kiritiladi.
3. Bolalar bobo va buvining tarbiyasini olishadi. Ular jismoniy mehnatdan ancha qo‘llari bo‘shagani uchun bolalarning ilmi, ma’rifati, dunyoqarashi bilan shug‘ullanadilar.
4. Hammada nafs bor, xususan, ayolning nafsi isyonni ko‘proq sevadi; qaynonaga egilish kelinning nafsini tarbiyalaydi; qaynonaning ko‘ngliga yo‘l topish uning uchun hayot darsi bo‘ladi. Kelin nafsiga teskari borishni o‘rganadi; unga qaynona hukmronligi yoqmasa ham, ertaga buning mevasini ko‘radi. Qaynonali kelin – qarqara kelin; qaynonasiz kelin – masxara kelin.
5. Qaynonali uy – barakali uydir. O‘g‘il topganini otasiga bersa, ota va ona kelishib taqsimot qiladilar, bu eng yaxshi taqsimot bo‘lib, faqat kerakli narsalarga xarajat qilinadi, natijada, oilaning jamg‘armasi baquvvat turadi. Chunki yoshi ulg‘aygan qaynota-qaynona moliyaviy yirik tajribaga ega, ular har narsaga o‘ch emas; faqat kerakli narsalarni xarid qilishadi, demak, ortiqcha pul yig‘iladi, kerakli o‘rinlarga reja bilan yo‘naltiriladi – uylar quriladi, aravalar olinadi va hokazo.
Umuman olganda, bitta hovlida bir necha o‘g‘il va kelinlar – ovsinlarning yashashi bir qancha foydalar keltiradi. Odatda, kelinlar eriga aytib, bo‘lak chiqaylik deb quloq-miyasini yeyishi mumkin. O‘g‘il ham xotinning hiylasiga uchib, asta-sekin ming‘irlab bo‘lak chiqish uchun ota-onadan ruxsat olishi ham ehtimol. Lekin bu unchalik oqlanadigan ish emas. Vaqti yetsa, ota-ona endi chiqingizlar deydi. Holbuki, ota-ona bag‘rida yashash eng maqbul yechimdir.
Albatta, yoshlarning alohida yashaylik, mustaqil bo‘laylik deyishlarida ham o‘ziga yarasha asoslar bor. Ba’zan qaynota-qaynona tarafidan haddan oshishlar sodir bo‘lishini istisno qilib bo‘lmaydi. Ammo hamma sabr va shukur hammasidan yaxshi. Alohida bo‘linib chiqib topiladigan hamma narsa – yo‘qotishdir. Qaynona bilan birga yashab, go‘yo yo‘qotiladigan hamma narsa – topishdir. Bugun zurriyodlarimizni asrab qolishni istasak, ana shu qo‘rg‘onga qaytishimiz shart. Hamma bu qo‘rg‘onda o‘z vazifasini bajarsin. Aks holda, butun yer yuzini yutayotgan hayosizlik va zulm, nasabsizlik va tushkunlik ajdahosiga yem bo‘lib ketamiz.
Xulosa qilsak, bizning aytmoqchi bo‘lgan gapimiz shu – komil oila qaynota-qaynona, o‘g‘illar va kelinlar jam bo‘lib yashagan oiladir. Bu oila haqiqatan komil bo‘lishi uchun ayrim axloqiy qoidalarga amal qilish lozim, bu haqida keyingi fasllarda to‘xtalamiz.

Akrom MALIK