← Barcha maqolalar

Xotin boshidagi erni his etishi, hech qachon mustaqil qaror berishi mumkin…

Maqola · 7 daqiqa o‘qish

Xotin boshidagi erni his etishi, hech qachon mustaqil qaror berishi mumkin emasligini bilishi va shunga ko‘ra yashashi lozim.
Xotin ko‘ngli tusagan narsani tezda qo‘lga kiritsam deydi; vaziyatni hisobga olish, sharoitga qarash esiga kelmaydi; muammolarni yechishda faqat yuzaki qaraydi – bu xususiyatlarni erkak bilishi shart.
Xotin asabiylashsa, hayajonga tushsa, jaholat ko‘rsatsa, erkak shunday qilishi shart emas. O‘rtadagi muammo janjal, haqorat, urish bilan hal bo‘lmaydi. Xotinning aqli istaklari ado etilmaganligi sababli zaiflashib qolsa ham, janjal vaqtida erning g‘azabini keltirish uchun qasdlashishi ham ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun er aqlni yo‘qotmasligi, xotirjamlik va sokinlikni qo‘ldan boy bermasligi to‘g‘ri ish. Shunda xotin qarshisidagi odamning qanchalik ulkanligini va o‘zi uning oldida qanchalik zaif va kichikligini idrok etib, taslim bo‘ladi.
Er tahlil va tafakkur bilan xotinning fikrlashini, aqlini o‘stirishi lozim. Buning uchun o‘zi shu qadar fikrli hamda xotin qarshisida sabrli bo‘lib, yuqori maqomda turishi talab etiladi.
Er o‘zi bilan xotin orasidagi farqlarni bilib olgani o‘ziga foyda.
Er aqlli, sabrli – xotin aqlni yo‘qotuvchi va shoshqaloq.
Er har bir so‘zni o‘ylab gapiradi – xotin o‘ylamasdan gapiradi.
Er xatosini tan olishga qodir – ayol xatosini tan olmaydi.
Er bir tomondan keladigan gapga ishonmaydi, xususan, xotinning hamma axboroti to‘g‘ri emasligini biladi, chunki ayol zoti munosabat va xabarlariga o‘z tasavvuri, hayajoni va nafrat hamda muhabbatini qo‘shadi – xotin deyarli har bir xabarga chippa-chin ishonadi; hatto bir-biriga teskari gaplarni ham rost deb o‘ylaydi; ayolni hissiy boyitilgan narsalar – ko‘zyosh, musiqa va shu kabilar tezda ishontiradi; eshitgani ta’siridan chiqa olmay qoladi; eshitganini hujjat sifatida boshqalarga ham yetkazaveradi; aybdor bo‘lsa ham o‘zini oqlayveradi.
Er savollarga shoshilmay javob beradi; o‘ylab fikr bildiradi; ishlarini vazminlik ila bajaradi – xotin savolni eshitsa, bas, tushunishi ham shart emas, javob beradi; fikr bildirishdan avval ham, keyin ham deyarli o‘ylamaydi; ishlarini tez va maqtanish uchun qiladi.
Er qat’iy, kuchli, shafqatli, rahmlidir – ayol qat’iy kuch qarshisida egiluvchi; maqsadga yetish uchun yolg‘on to‘qib, makr qiluvchi; rahm-u shafqatni unutib qo‘yguvchidir. Ba’zan kallasiga kirib qolgan narsani qo‘yib yubormaydi.
Xotinning asosiy maqsadi – erini rom qilish, erni hayron qoldirish, undan maqtov eshitish, erdan lutf va mehribonlik ko‘rishdir. Bu omillarni anglab, er maqtovni ham, hayratini ham, lutf va mehribonligini ham reja bilan xarjlashi kerak – haddan oshgan yumshoqlik natijasida xotin hech qanday yaxshi gap va iltifotni qadrlamay qo‘yadi; o‘zi bexabar holda erni hurmatsiz qilishga o‘tib ketadi.
Xotinning oldidan chiqmay o‘tirish, u bilan har narsani gaplashish erning ziyoniga ishlaydi. Hamma narsani me’yoriga amal qilish talab etiladi.
Er xotiniga cho‘ntakdagi puli, oladigan oyligi, topadigan daromadi, qarzlar miqdori, kelajakdagi rejalari; gaptashir (telefon) kaliti – kodi; boradigan joyi, do‘stlari va shu kabi narsalar haqida aytmasa, faqat foyda topadi. Chunki bu kabi ma’lumotlar xotin kishining o‘ylarini chalkashtiradi; jahli chiqqan vaqtida qaysi gapni gapirayotganini unutib, nima desa degan vaqtlarida shu narsalarni ham bozorga solib yuboradi.
Er xotinning hamma gaplariga e’tibor beradi, ammo javob bermaydi. Lekin xotinning so‘zlarini eslab qolishi lozim, chunki bu gaplar orqali xotinning xulqi, tabiati, fikrlari qanday shakl olayotganini, kayfiyati qanday o‘zgarayotganini tahlil etadi, shunga yarasha iltifot va e’tibor ko‘rsatish strategiyasini tuzadi.
Shunday qilib, erkak xotinni to‘liq boshqaradi; xotinning ta’sir doirasiga tushmaydi; xotinining hissiyot va aqlini butkul o‘ziga moslaydi; xotindan tayanch yoki moddiy manba sifatida foydalanmaydi, ya’ni uning ishlashini, o‘ziga moddiy yordam berishini talab qilmaydi; xotin loy bo‘lsa, erkak – qolipdir; qolip qanday bo‘lsa, g‘isht shunday shakl oladi.


Ba’zan ayrimlarning xotinga dalda berish kerak degan gaplari yoki buyuk erkakning ortida buyuk xotin turadi degan falsafasini eshitib qolamiz; er shu darajada ruhan baquvvat, aqlan yetuk, axloqan metin bo‘lishi kerakki, uning borligi va nigohlari xotinga dalda bo‘lsin; er yaxshi tarbiya bersa, xotin uning oyog‘iga tushov emas, balki buyuk ishlari uchun yordamchi ham bo‘lishi mumkin, lekin er shu holda ham o‘z maqomi va axloqiy qoidalaridan chiqib ketishga haqqi yo‘q.
Har qanday xotin erining amrlarini bajarishga qobildir. Bir isyon qilar, ikki isyon qilar; lekin er shoshilmay, vazminlik bilan, o‘z fikri va amrida qat’iy turib, davom etsa, xotin, albatta, erga bo‘ysunishdan boshqa chora topmaydi. Xotinim menga bo‘ysunmaydi deyish erkakning gapi emas, xotin erning hamma amrlarini to‘liq va komil bajaradigan salohiyatga ega emas, axir. Ayrim chala ishlariga indalmaydi; xotin me’yordagi nuqsonlari borligi bilan xotin. Agar u er istaganidek, nuqsondan xoli bo‘lsa, u holda, u xotin emas, er bo‘lib qoladi-ku.
Keraksiz va ham ko‘p g‘azab erning obro‘siga salbiy ta’sir qiladi. Xotinga noo‘rin g‘azab qilinmaydi, aksincha, uning zaifaligidan kelib chiqib, shafqat bilan yondashiladi.
Er xotiniga: “Sening asosiy vazifang – oilani gullatish, obod qilishdir!” – degan g‘oyani singdirishdan to‘xtamasligi shart. Bugungi kun xotinlari ana shunday tarbiyaga muhtoj.
Er xotini haqida onasi yoki opa-singlisidan eshitadigan maqtovdan shodlanib, shikoyatlardan ranjimasin; ularning gapiga qarab xotinga munosabatni o‘zgartirmasin; yoki aksincha, xotinning gapiga suyanib, ota-onasi, aka-ukasi, kelinlari, opa-singillariga nisbatan muomalasi, o‘ylari o‘zgarmasin – ikki taraf ham ayol zotiga mansubdir; ularning baholashlari aniq va ravshan qusurli va biryoqlama bo‘lib, barcha fikrlariga xotinning hissiy munosabati yashiringan; ana shu narsaga erkak asir tushib qolmasligi; har bir holatni aql tahlili bilan tekshirishi lozim.
Er xotinning ro‘yxati asosida ro‘zg‘orga bozorlik qiladi, lekin o‘zi shaxsan oziq-ovqatlar hisobini olib yurishga mas’ul – ayol kishi isrofga yengil qarashi hech gap emas; ortiqcha ovqatlar qilib aynitish, axlatga tashlab yuborish, guruchlarga qurt tushishga yo‘l qo‘yib berish kabilar bo‘lmasligi uchun erkak bozorlik me’yorini yaxshi o‘zlashtirsin, chunki ro‘zg‘orlikni to‘kin qilish natijasida isrof ko‘payib, oila barakadan ayrilishi mumkin.

Ayrim erlar xotindan ishlashni talab qilib, xotin topgan pulni cho‘ntakka ikkilanmay urar emishlar. Bunday erlar allaqachon erlik ro‘yxatida yo‘qdir. Xotin erga tegaman deb, xotinga tekkan ekan.
Xotin ishlayman desa, Xudoga ibodatni, erga xizmatni, bolaga tarbiyani qoyillatganidan so‘ng boshqa erkak yoki xotinlarga bosh egmaydigan, mustaqil shaklda bajariladigan ishni qilishi joiz bo‘lsa kerak. Ham o‘z eriga, ham boshqa erkakka bosh egish unchalik ham mantiqli holat ko‘rinmaydi. Xotin umri davomida birgina erkak – o‘z zavjiga bosh egib yasharkan, u chin malika, u chin qirolicha, u hur – ozod ayol, u asilzodadir. Lekin o‘z eri qolib, boshqalarining amr-u farmonlariga muntazir turish, avvalo, ayolning tabiatiga va erning hamiyatiga mos kelmasligi haqida o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi.
Er xotin modomiki, jamoa bo‘lib yasharkanlar, ularning nikoh ahdi bilan tuzilgan ittifoqi Xudoning huzurida yozilgan ekan, er xotinga o‘z o‘rnida qattiqqo‘l, o‘z o‘rnida iltifotli bo‘lishi tabiiydir. Bu amaliyotlar uchun erning usta siyosatchi bo‘lishi talab etiladi. Er ekanman, bir oila ekanmiz deya turli adabsizlik va ahmoqliklarni qilmasligi, o‘zini kezi kelganda tiyishi, hamma voqea-hodisaga aql va ishonch, vazminlik va sabr ko‘zi bilan qarashi shartdir.
Xotinning xatosini aytishda shirin so‘zli va qat’iy bo‘lish kerak. Muloyimlik ortidagi qat’iyat xotinning nafsiga yoqmasa ham, qalbini maftun qiladi.


Xotin uzoq vaqt eri bilan yashar ekan, uning aqli ko‘payadi; farosati teranlashadi; mas’uliyatni his qilishni boshlaydi; xudbinlikdan qutuladi; asta-sekin nafsi emas, aqli ustun kelishni boshlaydi; erdan ta’sirlanish natijasida undan ham aqlli maslahatlar, jo‘yalik takliflar chiqadi – bu narsani er nazardan qochirmasligi va joiz topilsa, amalda qo‘llashi mumkin.
Er qattiqqo‘l bo‘laman deya oilani zimiston va zulmat qilmasin; hammaning ovozi o‘chgan, hamma bir-biridan bezgan bir makonga aylantirmasin; shuningdek, mehribon-u bag‘rikeng bo‘laman deb oilani sirk yoki masxaraxona qilib qo‘ymasin – oila osoyishta, mehr-muhabbatga to‘lgan; odob-axloq amal qiladigan; hamma bir-birini suyaydigan; hamma talpinadigan dargoh bo‘lsin.
Xulosa qilib aytganda, er xotinning egasi, uning murabbiyi, uning nazoratchisi, uning do‘sti; bolaga qanday ehtiyotkorona muomala qilsa, xotinga shunday muomala qilishi joiz; oilaning imoratini mustahkam ushlash deyarli hamma jihatdan erga bog‘liq; er hamma mas’uliyatni yelkaga oladi; ustalik va tadbir; farosat va qat’iyat; matonat va hikmat; siyosat va rayosat bilan xotinni, pirovardida, oilani ushlab turadi.
Biz er xotinni erkalasin, sovg‘a bersin degan maishiy masalalarga to‘xtalmadik, tabiatida erlik komil shaklda mavjud bo‘lsa, bu ishni har bir erkak farosati bilan qilaveradi, bozorga solish shart emas.

Akrom MALIK