Qadriyatlarga sodiq holda yashash oson emas. Inson o‘ziga biror qoidani qadriyat…

Qadriyatlarga sodiq holda yashash oson emas. Inson o‘ziga biror qoidani qadriyat deb tanlab olsa, bu qadriyatdan uni ajratish uchun hujumlar boshlanadi. Bu o‘ta oddiy qonuniyatdir. Nimagadir egalik qilaman desang, albatta, tortib olishni istaydiganlar topiladi. Sen o‘zing istagan qiymatga munosib ekaningni, albatta, isbotlashing zarur. Shu tariqa bu olamda har kim o‘zining chegarasini chizishga va uni qo‘riqlashga majbur. Hech qachon biror yutuq yoki topilma tekinga berilmaydi, dunyo hayotida hamma narsaning badali bor. Qo‘lingdagi har bir narsani himoyalab yashashing shart, himoyalamasang, shubhasiz, undan ayrilasan.
O‘zgalarning nazdida biror kishi erishgan marra yoki yutuq oson kelgandek tuyulishi mumkin. Aslo unday emas – uning ortida kurash va azoblar bor, faqat uni biz ko‘rmaymiz. Mabodo, oson erishilgan bo‘lsa ham, hasadga hojat yo‘q – u tezda qo‘ldan chiqib ketadi. Chunki odamzod qiynalib, jon chekib erishmagan narsasiga juda befarqdir.
Qadriyatlar ham ayni shundaydir – yosh yigitcha, zehnli va quntli yigitcha, masalan, turli ulamolar suhbatida bo‘ladi, kitoblar o‘qiydi, har xil tarjimai hollar bilan tanishadi va o‘zi uchun insoniylikning chiroyli naqshlarini chizadi – men halol bo‘laman, men rostgo‘y bo‘laman, men moddiyatni emas, ma’naviyatni ustun ko‘raman, men xoin emas, sodiq bo‘laman, men mas’uliyatli va kuchli bo‘laman va hokazo. Shunday qilib, yigitcha o‘ziga qadriyatlar tanlab oldi, saraladi va mening qadriyatlarim bor deya kerilib, olamga jar soldi.
Bu boylikka darhol hujum boshlanadi – hayot seni shunday holga soladiki, halol bo‘lish qiyin bo‘ladi; shunday zulmga uchraysanki, yolg‘ondan boshqa yo‘ling qolmaydi; shunday muhtojlikka tushasanki, ma’naviyatingdan sekin yuz o‘girasan; nafs va shayton shunday hiyla qiladiki, fitnalar girdobida qolib, o‘zing g‘ofil holda xiyonatkorga aylanasan; shu qadar charchab, holdan toyasanki, mas’uliyat sen uchun tushga o‘xshab qoladi; yelkangga ko‘zga ko‘ringan va ko‘rinmagan yuklab qalashtiriladiki, madoring tugab, men kuchsizman deyishingga to‘g‘ri keladi. Va bu fursatga kelib, qarasang, qadriyatlaring talon-tarojga uchrabdi; birorta ham qadriyating qolmabdi – shuni aytadilar-da, qo‘lingdagi boylikka, albatta, tajovuz bo‘ladi deb.
Bundan kelib chiqadiki, sen qadriyatlarni o‘ylab tanlashing kerak; tanlab oldingmi, ularni hamisha himoya qila olmog‘ing lozim; buning uchun ulug‘larning, senga chindan qayg‘uradigan biror komil shaxsning yo‘riqlariga quloq osmog‘ing joiz.
Ertalab uyg‘onganida odam bolasi men bugun kunimni yaxshi xulqlar ila o‘tkazaman deya niyat qilsa, har qanday ham holda bir marta chuqur nafas olib, keyin gapirsa, ancha mashaqqatlarning oldini olsa kerak.
Akrom MALIK