Ularning g‘iybatlarini qilish hamma odamlarga yoqadi – bir guruh erni, bir guruh…
Ularning g‘iybatlarini qilish hamma odamlarga yoqadi – bir guruh erni, bir guruh xotinni yomonotliq qiladi. Aslida, ikki guruh ham ayni shu onda shaytonning lashkaridir – shayton ularning tillari bilan oilani buzishga urinadi. Ular go‘yo er yoki xotin uchun qayg‘ursalar-da, oila buzilib ketmaguncha tinchimaydilar. Go‘yo bir taraf nobop va ahmoq xotindan yigitni qutqarmoqchi; ikkinchi taraf esa zolim erdan ayolni ozod etmoqchi. Ikki taraf ham er-xotinning ich-ichdan bir-biriga talpinishini his etishdan ojizdir. Bir haybatli odam chiqib, ikki tomonni yarashtirish haqida o‘ylamaydi. Natijada, er-xotin orqasi ochilgan masxarabozdek xor-u zalil, sharmandayi sharmisor bo‘lganlari qoladi. Endi qaysi davrada gap ketsa, albatta, ikkisidan birining sha’niga loy chaplanadi. Hujjat sifatida o‘zlarining gaplari keltiriladi. Bechora go‘daklar uchun ota-ona haqida tahqirli so‘z eshitishdan og‘iri yo‘q, ammo ayrim befarosatlar o‘sha go‘daklarga ota yoki onani yomonlashdan ham tap tortmaydilar, bu ishlari bilan go‘dakning pokiza qalbini tovonlari bilan toptaydilar.
Shu sababli turmush quradigan yigit va qiz ikki qulog‘iga quyib olishlari joizki,
“Hech qachon oilamning sirini sotmayman!”
“Hech qachon erimning sirini sotmayman!”
“Hech qachon xotinimni yomonlamayman!”
“Hech qachon erimning sha’niga yomon gapirmayman!”
Bilish kerakki, er-xotinni bir-biriga yomonlaydigan odam katta ehtimol bilan shaytondir. Shayton uchun er-xotin janjali va oila buzilishidan katta baxt yo‘q.
Er-xotin orasiga nizo va dushmanlik urug‘ini sepish shaytonning ishidir, bu ishni qiladigan insonlar eng jirkanch odamlardir. Ular odam emas, ular hayvon ham emas, ular chirkin tabiatli yaratiqdirlar, xolos.
Bilish kerakki, er-xotin bir-birini hech qayerda maqtashi mumkin emas. Xotin erini maqtasa, uning so‘zini eshitgan tarbiyasi sust va xayoli parishon xotinlarning xayollari chuvalashdi; o‘z eri qolib, dugonasi, opa yoki singlisining erini komil shaklda ko‘rishni boshlaydi.
Er o‘z xotinini hech qayerda madh bilan zikr qilmasinki, begona boshqa er o‘z xotini qolib, do‘stining, aka yoki ukasining xotiniga ko‘ngli sust ketadi. Hatto ahmoqlarcha o‘z xotiniga kelib, boshqa birovning xotinini maqtashi ham mumkin.
Er ham, xotin ham oila uning komil baxti ekanligini tushunishi kerak. Oila uning uchun eng qimmatlisidir. Boylikning qimmatlisi yashiriladi. Odamlar tilida oilang haqida duv-duv gap qilib yurishidan ko‘ra xijolatli holat bo‘lmasa kerak.
Pinhon bir shaklda – har bir odam o‘z oilasi bilan baxtiyor yashasa, qanday ham go‘zal! Baxtli odam baxti haqida dunyoga ko‘z-ko‘z qilmasinki, tezda ayrilib qoladi. Oilasi bor odamning baxtsiz bo‘lishi aqlga sig‘maydi, oilasi bor erkak yoki ayol o‘zini baxtsizman deb o‘ylayotgan bo‘lsa, nonko‘r va nokas ekan, ahmoq va farosatsiz ekan. Oiladek baxtni ko‘rmagan maxluq, oilasini gulzor-u bahoriston qilib qo‘ymagan yaratiq, albatta, baxtsizlikka, balki bundan besh battariga mahkumdir.
Akrom MALIK