Beshinchidan, to‘yda kichiklar xizmat qiladi, kattalar to‘yni boshqaradi, to‘y…
Beshinchidan, to‘yda kichiklar xizmat qiladi, kattalar to‘yni boshqaradi, to‘y egasiga yordam bo‘lsin deya hadyalar beriladi, aynan to‘yda bo‘lgani uchun bu to‘yona deyiladi – shu tariqa xizmat, odob-axloq, saxovat kabi xislatlar o‘zini ko‘rsatadi.
Ba’zi paytlari to‘yonaga ham qarshi chiquvchilar uchraydi. To‘yona majburiyat emas, balki fazilatdir, to‘yning xarajati va harakati odamni toliqtiradi; ha degan tuyaga madad – to‘y egasiga chin dildan yordam deya beg‘araz holda, Xudo uchun hadya berish eng yaxshi ishlardan biridir. Shunchaki, to‘yonani ko‘z-ko‘z qilish, qancha bergan bo‘lsa, shuncha javobini kutish; qarz sifatida yozib qo‘yishlar to‘g‘ri emas, shu illatlardan voz kechilsa, bas. Har bir mehmon to‘yga to‘yona bilan borishi juda ham yaxshi odatdir.
To‘y haqidagi umumiy ilm shu. Bundan ma’lum bo‘ldiki, to‘y – jiddiy voqea. Bu voqeaga esa tayyorgarlik, maslahat lozim, shuningdek, ulug‘lardan tabarrukan duo olish, qurilayotgan oila haqqiga yaxshilik umid qilmoq joiz. Shunday qilib, buning uchun qarindosh-urug‘larning va mahallaning eng ulug‘lari jamlanib fotiha beradilar, non sindiriladi. Bu xuddi yangi bir uyga poydevor qilish, ilk g‘ishtni qo‘yish kabi amaldir.
Non sindirishdan keyingi ish faqat to‘y qilishdan iborat emas, bu kelin va kuyov uchun makon tayyorlab, ular uchun eng kerakli narsalarni taxt qilib berish hamdir. To‘ydan keyin ro‘zg‘orga kerakli narsalar va kiyimlarni topa olmay qiynalishmasin degan maqsadda qozon-tovog‘idan tortib, choynak-piyolasigacha, qishlik va yozlik bir sidirg‘a kiyim va hokazolarni olib berish yaxshi udumdir. Har bir ota-ona buni xursandchilik va rozilik bilan bajaradi.
Shu o‘rinda kelin tarafni umuman bu masalada bezovta qilmaslik lozim degan shiorlar ham yangramoqda. Bu ixtiyoriy masaladir, haqiqiy yigit hech qachon kelin tarafdan biror narsa ta’ma qilmaydi, bu yigit uchun sharmandalikdir. Lekin qizning ota-onalari yaxshilik qilishni istab tursalar, uni qaytarmaslik, e’zoz-ikrom ila qabul qilish kerak. Bu bobda ham haddan oshishlar sodir bo‘lavergani uchun yuqoridagi gaplar urchimoqda.
Qizning mahri alohida masala – bu qizning umrlik mulki, qalin puli alohida masala – bu qizning ota-onasiga to‘y xarajati uchun beriladigan to‘lov. Yigit tomon mahrni ham, qalinni ham mardonalik va rozilik ila ado etmog‘i shart. Mahr bobida yigitlarning himmatlari baland bo‘lsa, qizlar esa kamtarlik qilsalar, hikmatga muvofiq keladi. Maqsad oila qurish ekan, osmondagi narsalarni mahr sifatida so‘ramaslik lozimligini sog‘lom aql biladi. Tabiiyki, mahr bobida buncha so‘ra yoki buncha ber degan ta’qiq ham yo‘q.
To‘ylarning to‘yxonada emas, hovlilarda bo‘lishi fazilatdir. Bugun mehmon qilish, mehmonga borish, xizmat qilish degan qadriyatlar unutilyapti. To‘y hovlida bo‘lsa, qarindosh-urug‘larga ham xizmat qilish uchun bahona topiladi. To‘yxonadan voz kechib, hovlisida to‘y qiladigan g‘ayratlilarga sharaflar bo‘lsin!
Sovchilikdan keyin qizni olish naqd bo‘lgach, to‘yboshi tayinlanib, barcha ishlar uning nazorati, boshqalarning maslahati bilan qarindoshlar va talabgorlar orasida aniq taqsimlanishi kerak: sen nonga; sen oshga; sen tozalikka; sen mehmonlarga; sen choyga qaraysan; sen ulovlarni joylashtirasan; sen hurmatli zotlarga arava yuborasan; sen qo‘lga suv quyasan; odamlar tarqagandan keyin sen uni, sen buni qilasan; dasturxonlarga sen qaraysan; sen idishlarni yuvasan; sen qozonni egasiga topshirasan va hokazo…
To‘yda tartib bo‘lsin, it egasini, mushuk bekasini tanimaydigan holat bo‘lmasin. To‘y xizmatchilari, mezbonlarning hammasi tabassumga kelishib olsinlar – hammamiz tabassum qilamiz; piyola sinsa, choy kechiksa, baqirmaymiz; qaysi joy ozgina to‘zisa, tezda tozalab olamiz va hokazo.
To‘yning ertasi kuniga ham ish qolsa, u ham taqsimlanishi kerakki, hech qanday tartibsizlik sodir bo‘lmasin va to‘y go‘zal tarzda o‘tsin.