← Barcha maqolalar

Ahli dunyo – dunyo ahlining ziddi ahli Haqdir. Ya’ni Haq ahli. Ular dunyo bilan…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Ahli dunyo – dunyo ahlining ziddi ahli Haqdir. Ya’ni Haq ahli. Ular dunyo bilan ishi bo‘lmagan, faqat Haq tomonda bo‘lgan, o‘yi, fikri, zikri Haqning so‘zlari bilan chambarchas bog‘langan odamlardir.
Ahli Haq bu dunyoni tark etuvchilar emas. Dunyoni bir ulov, arava yoki kema sifatida tasavvur etuvchilardir. Bu narsalarning har biri insonning maqsadga yetmog‘i uchun xizmat qilgan kabi dunyo ahli Haqning maqsadga yetkazuvchi vositasidir.
Haq ahlidan bo‘lmoq kambag‘al bo‘lmoq degan emas. Haq ahli boy-badavlat, obro‘li, e’tiborli ham bo‘ladilar. Ular taxt sohibi o‘laroq davlat boshqarishlari ham mumkin. Ya’ni ularning ishlari, kasb-u korlari zohiran oddiy odamlardan farqlanmaydi. Ammo ichlarida dunyo uchun zarracha ham joy bermaydilar. Alloh dunyoni bersa, suyunmaydilar; olsa, kuyunmaydilar. Ularning ham ayrim sifatlarini ko‘rib chiqaylik:
— odamlar e’tibor bersalar, e’tibor bermanglar demaydilar;
— odamlar yuz o‘girsalar, menga e’tibor beringlar demaydilar;
— musibat kelsa, qayg‘uga tushib nolimaydilar;
— yutuqqa erishsalar, eslarini yo‘qotgudek bo‘lib shodlanib, irg‘ishlamaydilar;
— odamlarni haddan tashqari nafrat bilan malomat qilmaydilar yoki haddan tashqari oshirib-toshirib maqtab ko‘klarga ko‘tarmaydilar;
— haybatlari yaxshilarning qalbini sururga, yomonlar qalbini vahmga to‘ldiradi;
— har kimning so‘ziga inonmaydilar, haqiqatlar ilohiy belgi va ishoratlar bilan zuhur qilishini sabr ila kutadilar;
— voqelikning suvratiga emas, mohiyatiga nazar soladilar;
so‘zlashni emas, tinglashni ma’qul ko‘radilar – sukutlari suhbatlaridan g‘olib bo‘ladi;
— ular maxluqlardan qo‘rqmaydilar, hech kimga zulm va haqsizlik qilmaydilar;
— insonlarga qullik qilmaydilar, boshqalarni ham o‘zlariga qul deb bilmaydilar – har kimning erki o‘z ixtiyorida deya bilib, barcha ishlarni Xoliqning hukmiga havola etadilar;
— ularning holati – vazminligi, viqori hech bir holda o‘zgarmaydi;
— ular haqsizlik, zulm, hayosizlik, Xudoning amrlariga teskari borish bilan aslo va aslo murosa etmaydilar, aslo va aslo rozi bo‘lmaydilar;
— ularni hech qachon dunyo va rizq tashvishiga tushmaydilar;
ular ojizlarga shafqatli, zolimlarga haybatli, muxlislarga himmatlidirlar;
— o‘zlariga yetgan aziyatlar uchun qasos olmaydilar va hammani bu borada oson kechirguvchilardir;
— ularning g‘azabi hilmidan, rahmati va shafqatidan g‘olib kelmaydi.

Inson Haq ahlining bu sifatlarini bilib, qayta-qayta o‘qib yodlab olgani yaxshi. Buning ikki foydasi bor: birinchisi, mana shunday xulqli insonlarni ko‘rsalar, darhol duolarini oladi, xizmatini qiladi, nazarini topadi, natijada, juda ko‘p yaxshiliklarga erishadi; ikkinchidan o‘zida ham ana shu sifat va xalqlarni shakllantirmoq uchun tirishadi; men kimman degan paytida mana shu tarozini, mana shu talablarni o‘ziga qo‘yadi va mana shunday inson bo‘lishim lozim deb intiladi.

Akrom MALIK