Dunyo ahli — dunyoni hamma narsadan afzal qo'yuvchilardir. "Qisasi Rabg'ubuziy"da…
Dunyo ahli — dunyoni hamma narsadan afzal qo'yuvchilardir. "Qisasi Rabg'ubuziy"da aytilishicha, hali Odam alayhissalom yerga tushirilmay turib, Alloh insonlarning ruhlarini yaratib, yer yuziga — dunyo hayotiga yuborib, qaytib kelishni amr etibdi. Odamlar dunyo hayotiga qadam qo'yibdilar va aytilgan muddatda bir qismi Xudoning huzuriga qaytibdilar. Bir qismi dunyoda qolibdi. So'ng Xudo ularning jannatga yuboribdi va bir tomosha qilib qaytishni amr etibdi. Bir guruh odamlar jannatda qolibdi va bir qismi yana dargoh izzatga kelibdi.
Muallif aytadiki, yer yuzida qolganlar dunyoni sevgan dunyo ahli — kofirlar edi. Jannatda qolganlar jannat ahli — mo'minlar edi. Xudoning huzuriga qaytganlar Xudoning do'stlari, valiylari, xos bandalar, ya'ni Xudoning oshiqlar edi. Xudo ularga nechun jannatda qolmadingiz deb savol berdi. Ular: "Xudoyim, Sen bizga dunyodan ham, jannatdan ham afzalsan. Sening rizoying va jamoling bizga kifoya".
Xudo keyin hammaning ruhini amr olamiga qaytardi, so'ng keyingi voqealar ro'y berdi: Odam alayhissalom onamiz Havvo alayhissalom ila yerga tushdilar. So'ng navbati bilan ruhlar o'zlari uchun ajratilgan jismlarga yo'l ola boshladilar...
Hikoyani shu yerda tugatamiz. Qolganini kitobdan o'qish mumkin. Biz aytmoqchi bo'lgan gap dunyo ahli haqida. Dunyo ahlini tanib olishning kamida ikki foydasi bor: biz o'zimiz dunyo ahlidan bo'lib qolmayapmizmi? Ikkinchi foyda — bu ilm orqali tanib, dunyo ahlidan qochish imkoni tug'iladi.
Dunyo hali bunday bo'ladi:
— ular o'zlari kabi puldor va moldorlarni sevadilar;
— ular odamlarning qadrini ularning mablag'lari bilan o'lchaydilar, puli ko'pni ko'proq, puli kamni kamroq hurmat qilishadi;
— dunyolari ko'paysa, sevinishadi; kamaysa, qayg'uga tushadilar;
— puli ko'p odamlarga hasad qilib, ularga dushmanlik qilish rejalarini tuzadilar;
— hech qachon ilm va irfon, ma'rifat va m'anaviyat suhbatiga toqatlari yetmaydi;
— olimlar va ilm ahlini pisand qilmaydilar, qalblarining ichida ahli ilmga nisbatan mutlaqo muhabbbat bo'lmaydi, ular ilm ahlidan zarracha haybatlanmaydilar;
— ilm ahlining xatolarini ko'rsalar, tahqir qiladilar;
— pulni ko'paytirmoq uchun pastkashlik va haromdan qaytmaydilar;
— ular qashshoq va kambag'allarni ayblab, ularni mensimaydilar;
— boylik va pulni barcha yutuqlarning belgisi hisoblab, muvaffaqiyatni pulning ko'pligi bilan o'lchaydilar va bu "muvaffqaiyat"ga o'z kuchi, aqli, tadbiri va uddaburonligi bilan erishganiga e'tiqod qiladilar;
— dunyo ahlida kamtarlik soxta bo'lib, hech qachon xokisorlik cho'qqisiga chiqa olmaydilar;
— ularning boyligi tortib olinsa, uni qaytarish uchun qattiq kurashadilar, qaytara olmasalar, ya'ni qaytarish imkoniga aqllari yetmasa, tezda o'lib qolishadi;
— ular ozgina ehsonlarini katta ko'rsatishadi; minnat qilishadi;
— ibodatlarini odamlar ko'zi uchun o'qib, o'qigan soxta namozi bilan haqiqiy ibodatlilar ustidan kulishga urinadilar;
— mol-mulklariga kimdir zarar yetkazsa, qattiq g'azab qiladilar;
— eng asosiysi, ular imkon qadar lazzatning hamma turidan bahra olishga hamda bu boyliklari bilan hammani lol qoldirishga butun kuchlarini sarflaydilar;
— ular faqat boylik va jismoniy kuchga bosh egadilar, shu sababli ularni bo'ysundirish, sotib olish, qul sifatida ishlatish juda oson.
Ko'p odamlar millat va din g'amida yurgandek bo'lsalar ham, aslida pul, shon-shuhrat va mansab g'amida bo'ladilar. Ular aslo haqiqatni qabul qilmaydilar va o'zlari kabilar bilan jamlanib, boshqalarni eshik ortida qoldiradilar.
Ulardan nafrat qilmagan yaxshi, ularga e'tibor sarflamaslik ma'qul; faqat o'shalarga o'xshab qolmaslik uchun inson o'z xulqi ustida mehnat qilmog'i, ahli hol, ahlulloh va ahli ishq bilan do'stlashmog'i mandub. Har kim sevganlari bilan birga tiriladi.
Akrom MALIK