Qalbingga nazar sol: u doʻst xohlayaptimi? Kimdir boʻlsa-yu, u bilan gʻam-qaygʻuyim…
Qalbingga nazar sol: u doʻst xohlayaptimi? Kimdir boʻlsa-yu, u bilan gʻam-qaygʻuyim arisa? U menga, men unga beminnat suyanch boʻlsam deyaptimi? Sirlarimni yashiradigan, menga yaxshilik xohlaydigan, haqqimga duolar qilib, adashsam, toʻgʻri yoʻlga boshlaydigan doʻst menga kerak deyapsanmi?
Unda bu soʻzlar sen uchun: iltimos, shoshilma! Avvalo, unday doʻst faqat bir inson boʻlishini bilib ol. Ikkinchidan, u doʻst qiyomatli boʻlishini unutma. Qiyomatli degani jahanmamga senga hukm qilsalar, sening gunohlaringni ham yelkasiga olib, seni jannatga kirishing uchun Xudoga yolvoradigan doʻstdir. Bu dunyodayoq ayrim nuqsonlaringni bilib qolib, uni hammaga sotib, oyoqosti qiladigan xoinning xoin xotindan farqi yoʻqdir.
Uchinchidan, atrofingga nazar sol: kim shunday boʻlishga arziydi? Kimning qalbida doʻstga ehtiyoj bor? Doʻst boʻla oladigan darajada baland maqomli, mard va chuqur fikrli inson koʻryapsanmi? Va u odam senga mehrlimi?
Toʻrtinchidan, shunday odam topsang, besh yil kutishing kerak. Birinchi yil uni oʻrganasan. Uning zaif va kuchli jihatlariga qaraysan: yolgʻonchi, va’daboz, ikkiyuzlamachi va sergap, ishlarini oʻlda-joʻlda qiladigan boʻlsa, indamay yuz oʻgirib ket. Bunday pachaqlar bilan hamsuhbat ham boʻlma. Agar kuzatuvlaringdan uni pok va halol ekanligini aniqladingmi, endi unga moddiy yaxshiliklar qil, oz-ozdan suhbat qur, uning dunyosi bilan tanish. Birga sherikchilik ishlarini qil. Lekin oʻzing sir berma. Bu holat bir yil davom etari. Uchinchi yil undan biroz uzoqlash, soʻng undan yordam soʻra; pul ol va berish muddatini kechiktirib, qiynalgan holatda qaytar. Toʻrtinchi yil unga jiddiy sinov ber: qattiq gapir, xafalash; ranjit. Agar u bu holatlarga qaramay senga marhamat bilan boqsa, seni tark etmay seni tushunish va yoʻl koʻrsatishga urinsa, demak, sinovdan oʻtdi. Beshinchi yil uni endi yana qattiq tekshir; barcha holatlarni tahlil qil. Umuman, besh yilda hayot ham insonni har tomondan koʻrishing uchun imkon beradi. Qalbi halim, aqli salim, fikri teran, ishi halol, fahmi oʻtkir, shafqatli, oʻz oʻrnida qattiqqoʻl, doʻstga jon berishga tayyor; har doim himoya qilishga shay va uning ham yuragi doʻst va sirdoshga ehtiyojmand boʻlsa, ahdlashmoq, izhorlashmoq va doʻstlashmoq mumkin.
Aks holda, soxta doʻst tuzogʻiga tushasan va halok boʻlasan. Chin doʻst topsang, xiyonat koʻrmaysan. Xoinga uchrasang, u seni ikki dunyoda bagʻringni kuydiradi. Seni sotib, senga yomonlik qiladi; hasad ila sening sha’ningga tuhmatlar uyushtiradi.
Sodiqlarga salomlar, xoinlarga Allohning jazosi boʻlsin!