Sir eng buyuk kuch, eng mustahkam qudrat. Erkak sirini bersa, tuxumdan chiqqan…
Sir eng buyuk kuch, eng mustahkam qudrat. Erkak sirini bersa, tuxumdan chiqqan joʻjadek himoyasiz va zaif holga tushadi. Barcha halokat va magʻlubiyatlar sirni boy berish oqibatida sodir boʻlgan.
Erkakning siri nima?
Birinchi sir bu – quvvat, kuch va imkoniyatdir. Quvvating chegarasi haqida hech qachon bildirma. Kuchingni yashir. Hech kim chamalay olmasin.
Ikkinchi sir bu – mablagʻ. Choʻntagingda qancha bor, oyiga qancha daromad qilyapsan; qancha ziyon va zarar koʻryapsan — oshkor etma. Hech kim boyliging miqdorini bilmasin.
Uchinchi sir bu — xotin. Xotining kim, sifati qanday, ular nechta — aytma. Urushasanmi, kelisha olmaysanmi, koʻngling qoladimi — aytma. Xotinni doʻst-u dushmandan sir tut.
Demak, zoʻr — pinhon. Zar — pinhon. Zan — pinhon.
Toʻrtinchi sir — rejalar. Nimani oʻylading, nima moʻljal qilyapsan, nima kutyapsan — yashir. Hech kimga hisobot berma.
Beshinchi sir — safar. Qayerga, nima uchun, qancha vaqtga ketyapsan, kim bilan uchrashasan — aytma.
Oltinchi sir — doʻstlar. Kim bilan, qachondan buyon doʻstsan, senga qanday yaxshilik qilgan — aytma! Doʻstsiz qolishni istasang, olamga doston qil, tezda ayrilasan.
Yettinchi sir — dushmanlar. Kim bilan, nega va qachondan beri adovat qilasan — aytma. Dushmanlaring til biriktirmasin desang, ertaga dushmanlarim quvvat topmasin desang, jim boʻl.
Sakkizinchi sir — ibodat va ehson. Nafl namoz va roʻzalar, sadaqa va xayrlaringni asra, hech kimga fosh qilma.
Toʻqqizinchi sir — ustoz. Kimdan qanday dars va saboq olyapsan, pinhon tut.
Bu sirlarni ota-ona va ustoz bilishga haqli, xolos.
Boshqa hech kimga ogʻiz ochma. Shu sifatni shakllantir. Oʻzingni majburla. Ishon, sen buyuk odam boʻlib yetishasan.
Ahmoqlargina sir saqlmaydilar. Hech qachon ahmoq boʻlma. Siringni avvalo oʻzing yashir. Kimgadir ishonib aytding, u fosh qildimi — qaytib uni dasturxoningga yaqinlatma. Har qanday holda ham u — xoin va xoin hech qachon odam safidan sanalmaydi. U yoʻq, u shunchaki bir mavjudot, xolos.
Akrom MALIK