Aziz doʻstlar! Hurmatli oʻqirmanlar! Islom bilan hayoti nurli, iymon bilan aqli…
Aziz doʻstlar! Hurmatli oʻqirmanlar! Islom bilan hayoti nurli, iymon bilan aqli yorugʻ, taqvo bilan qalbi salim, xulqini goʻzal qilmoq yoʻlida jidd-u jahd qilayotgan azizlar!
Bugun eng ulugʻ bayramdir. Bugun bandalarning Robbisiga qurbat hosil etadigan, boshlarini dargohi izza ostonasiga qoʻyib, bu bosh sening yoʻlingda fido boʻlsin deydigan kundir.
Buning ramzi sifatida jonliqlar soʻyiladi, qonlar oqiziladi; natijada, gunohlar yuvilib, jism va qalblar gard va kirlardan forigʻ boʻladi, biiznillah.
Musulmon odam uchun ehtiyot qilinadigan a’zosi – qalbdir. Qalbni turli yomon oʻylar va tuygʻularsan, hiqd va adovatdan, hasad va buxldan sof saqlamoq juda yaxshi ish. Toki qalb pok holda boʻlsin va uni faqat Robbimizning zikri limmo-lim toʻldirsin.
Inson oʻzini gunohdan xoli deb bilib, boshqalarni gunohkorlik va badbaxtlikka hukm qilishdan oʻzini uzoq tutsin. Oʻzgalarga shafqatsizlik va adolatsizlik etishdan tiyilsin. Yaxshilik va ehsonni ushlasin. Odamlarni ayblash uchun emas, kechirish va afv etish uchun bahona izlasin. Har bir banda Haq taoloning quli, Xudoning qullariga qul boʻlishdan va ulardan oʻzini ustun bilishdan pok boʻlmoq goʻzal.
Xudo va oʻzining orasini oʻnglagan odamning oʻzgalar bilan muammosi boʻlmagay.
Barchamizga bayram muborak boʻlsin va kelgusi Qurbon bayramlariga ham yorugʻ yuz va sihhatimiz ila musharraf boʻlaylik!
Duo:
Qurbon bayrami ila hayotimizda uygʻonish boʻlsin! Xulqimizda goʻzallik koʻz ochsin, haqiqatlar kashf boʻlsin!
Pavardigorim!
Bizni kechir. Adovat va hasadga oʻralashgan ojiz va osiy qullaringni afv et!
Xudoyim!
Bizni dono va muhabbatli, sodiq va amin, oqil va orif bandalaring qatoridan qil!
Tangrim!
Oʻzing tilimizga shukur, dilimizga huzur, hayotimizga sabr, kunlarimizga ofiyat ber!
Allohim!
Qalblarimizni isloh qil, qalblarimizni pok qil, Sendan boshqa hech kim poklay olmaydi. Bizni takabbur va yolgʻonchi, haromzoda va badbaxtlardan qilma! Pastkash va razillar huzurida boshimizni egma! Mard va oqil odamlar bilan birga qil! Qalbimizdagi jarohatlarga shifo ber! Nafsimizdagi quturishlarni davola! Bizni ozor berish va ozor koʻrishdan saqla! Moʻmin qullaringni jasoratli, donishmand va tadbirli ayla va gʻanimlar ustidan muzaffar ayla! Mazlumlar ohiga adolat va rahmat ila malham qoʻy! Zolimlarning qoʻllarini kesib, boshlarini uz!
Robbimiz!
Ojizona duolarimiz, xatolarga toshgan ibodatlarimiz va zaifona qurbonliklarimizni nuqsonlardan fazling ila poklab qabul et! Amiyn, ya Robbal olamiyn!