Unutish — ulkan ne'mat. Agar unuta olmasa, ayrim xotiralar insonni halok qiladi.
Unutish — ulkan ne'mat. Agar unuta olmasa, ayrim xotiralar insonni halok qiladi.
Sirkani qorong'u yerga qo'yib, qancha uzoq yil saqlasang, shu qadar kuchli bo‘larkan, quvvati ziyoda bo‘lar ekan, inson qalbida qolgan ayrim xotiralar ham sirka kabidir, uni qalb ichiga, xayol burchaklariga uloqtirganing va undan qochganing sayin seni quvadi, sirka kabi quvvat topib, butun vujudga ta'siri oshib boraveradi.
Xayriyatki, Xudo unutish ne'matini ato etgan. Ammo unutish uchun vaqt o‘tmog‘i lozim, vaqt o‘tishi esa umrning kamayishidir.
Inson o‘ziga azob beradigan xotiralardan xalos bo‘lish uchun, shunday qilib, umridan yillarni yoqadi, yillar o‘tini bilan unutish o‘chog‘i olovini yoqadi.
Baribir, kuchli bo‘lmoq kerak, yashash uchun, hayot uchun kuchli bo‘lmoq lozim. Insonlar ichidan kimdir shafqat qilishini kutish nodonlikdir, odamlar zolimdir; hech kimda o‘zi kabi insonga achinishi hissi yo‘q; odam boshqalarning hamdard bo‘lmog‘iga umid bogʻlashi mumkin emas va boshqalardan hamdardlik kutmasligi eng to‘g‘ri qaror.
Insonlarga qalbni ochmaslik lozim, majnun kabi sahrolarga chiqib, vahshiy hayvonlarga dilni ifsho etmoq kerakki, ularning qarashlari dardingni tinglab, zolimlarcha boqqan insonlarniki kabi og‘ir botmaydi; samimiyat va taslimiyatni inson zoti bilmaydi; imkon bo'lsa-yu, kishilar oyog‘i yetmas joylarga qochsa odamiyzod...
Ehtimol, dunyo va uning ahlidagi zulm, shafqatsizlikni ko‘rgach, olam sahni yashamoq uchun bir zindonligini tushungach, oxirat diyoridagi hovlilarini obod qilmoqqa urinar banda...
Ehtimol, o‘z Yaratguvchisiga shu tariqa yaqinlashar qul.
Ehtimol, shunday onlarda o‘zi haqidagi hamma bilgilarni yog‘iylar xayolidan supurib tashlab, o‘zini bo‘lmagandek unuttirib, o‘zi ham yo‘qlik qa'riga izsiz va sadosiz ketishni istar bechora mazlum...
Ehtimol, o‘ziga kimningdir achinishi va hamdardligini ham, zolimlar u chekkan azoblarning mingdan birini ham ko‘rishini xohlamas xasta dil notavon...
Zotan, og‘riq va azoblar bir xazina, uni yot va yog‘iylarga bermaslik kerak.
Suv qaynasa, undan kamida bug‘ chiqadi; azob tortgan inson kamida oh tortadi; yoki o‘z g‘amini so‘ylaydi; bu g‘am nomahramlar qulog‘iga yetmasligi uchun begonalar tushunmaydigan tilda so‘zlamoq kerak.